O’jarlik

O’jarlik — atrofdagi odamlarning maslahatlari, iltimoslari, ko’rsatmalari va aqliy mushohadalariga qarshilik ko’rsatishdan iborat shaxs illati. O’jarlik odamning o’z bilganidan qolmaslikda, shaxsiyatparastlarcha intilishida namoyon bo’ladi. U g’azab, jahl, qasos olish, ko’ngil og’rish tuyg’ulari tufayli yuzaga kelishi mumkin. Odamning tashabbuskorlik, mustaqillik xislatlarining qandaydir sabablar ta’sirida poymol qilinishiga nisbatan norozilik ham O’jarlikni keltirib chiqaradi. O’jarlik odamlar davrasida o’zini o’zi tan oldirish, tanitish istagiga hamohang xulq-atvor shakli. O’jarlik ko’pincha jahldor, alamzada, shijoatkor kishilarda yuzaga keladi. Bolalar va o’smirlarda O’jarlikning paydo bo’lishiga asosiy sabab — turmushdagi noqulay shartsharoitlar, tarbiyaviy ta’sirning zaifligi, ularning ehtiyojlarini qondirmaslik, o’zaro munosabatlarda qo’pollik, hamiyatiga tegish omillari va boshqalar ular haq-huquqlarining poymol etilishi, jismoniy va aqliy kamoloti kamsitilishi O’jarlik sari yetaklaydi. O’smirlarning ko’pincha noo’rin, asossiz qarorga kelishi fe’latvorining illatiga aylanib qolish xavfini tug’diradi. O’jarlikni bartaraf etishni shaxsning o’zi anglab etsa ijobiy o’zgarish, illatni yo’qotish imkoni yuzaga keladi.