Oka
Oka — Rossiya Federatsiyasining Yevropa qismidagi daryo, Volganing o’ng irmog’i. O’rta Rossiya qirlarining Markaziy qismidan (226 metr absolyut balandlikdan) boshlanadi. Nijniy Novgorod shahri yonida Volga daryosiga quyiladi. Uzunligi 1500 kilometr, havzasining maydoni 245 ming km2. Boshlanish joyidan Ugra daryosi quyilgan joyga qadar Oka tor (0,5—1,0 kilometr) va chuqur (20-80 metr) vodiyda, egri-bugri va ser-ostona o’zanda oqadi. Ugra daryosining quyilish joyidan Moksha daryosining quyilish joyigacha bo’lgan o’rta oqimida daryo vodiysi 0,4 kilometrdan 20-30 kilometrga qadar kengaygan. Bu qismida daryo o’zani juda ham egri-bugri, kema yurishini qiyinlashtiradigan sayoz joylar va ostonalar bor. Daryoning bu qismida kemalar qatnovini yaxshilash uchun ikkita shlyuz qurilgan. Moksha daryosi quyilgan joydan Okaning quyi oqimi boshlanadi. Bu qismida Oka yanada keng vodiyda oqadi, eni ayrim joylarda 20 kilometrga yetadi. Qor va yomg’ir suvlaridan to’yinadi. O’rtacha yillik suv sarfi (etak qismida) 1300 m3/sekund. Oka suvi noyabr oxiridan aprel oxiriga qadar muzlaydi. Muhim irmoqlari: chapda — Zusha, Moksha. Chekalin shahri yaqinidan quyilish joyigacha TT2D0 kilometr kema qatnaydi. Oka bo’yida Oryol, Kaluga, Serpuxov, Kashira, Ryazan, Kolomna, Murom, Nijniy Novgorod va boshqa shaharlar joylashgan.