Okeanologiya
Okeanologiya — Dunyo okeanini o`rganuvchi fan. Okeanologiya okeanlardagi fizik, kimyoviy, geologik va biologik jarayonlarni, okean tagi strukturasini hamda Dunyo okeanining tabiiy bo`linishlarini o`rganadi. Okeanologik tadqiqotlar okeanlarda kema qatnovini to`g`ri yo`lga qo`yishda, dengiz kasbkorligida, qirg`oqda portlar, gidrotexnika inshootlari qurishda, okean va dengizlar ostidagi foydali qazilmalarni topish hamda qazib olishda, okean suvlarining harakatini aniqlashda, ob-havoni oldindan aytib berishda muhim ahamiyatga ega. Bunday tadqiqotlar maxsus kemalarda, suvdagi avtomatik stansiyalarda, shuningdek qirg`oqdagi stansiyalarda olib boriladi. Hozirgi vaqtda okeanlarning biologik, mineral va energetik resurslarini o`rganish ayniqsa muhim masaladir. Okeanologiya bir qancha tarmoqlardan iborat. Bular okeanlar fizikasi, kimyosisi, geologiyasi va biologiyasidir.