Oktyabr to’ntarishi

Oktyabr to’ntarishi — Rossiyada muvaqqat hukumatnit qurol kuchi bilan ag’darilishi va hokimiyat tepasiga bolsheviklar partiyasining kelishi [1917 yil 24-26 oktabr (6-8 noyabr)]. Fevral inqilobidan keyin muvaqqat hukumatning ishchilar va dehqonlarning talablari, milliy masalalarni hal qilishdagi sustkashligi va qat’iyatsizligi, Rossiyaning urushda ishtiroki davom etayotganligi umummilliy inqirozni avj oldirdi, markazda ekstremistik (o’ta so’l) partiyalarning, mamlakatning chekkalarida esa millatchi partiyalarning kuchayishi uchun sharoit tug’dirdi. Hammadan ham bolsheviklar faol harakat qildilar. Ular Rossiyada sosialistik inqilobni boshlaymiz, bu jahon inqilobining debochasi bo’ladi, deb bong urdilar. 1917 yil avgust oxiri — sentabr boshlarida bolsheviklar Petrograd va Moskva sovetlarida ko’pchilikni egalladi va qurolli to’ntarishga tayyorgarlik ko’rdi. 24 oktabrdan 25 oktabrga o’tar kechasi (6-7 noyabr) qurollangan ishchilar, Petrograd garnizonining soldatlari va Boltiq flotining matroslari qishki saroyga bostirib kirdi va muvaqqat hukumat a’zolarini qamoqqa oldi. Butun Rossiya Sovetlarining 2-s’yezdida bolsheviklar dastlab so’l eserlar bilan hamkorlikda muvaqqat hukumat ag’darilganligini qo’llab-quvvatlab, Tinchlik va yer to’g’risida dekretlar e’lon qildilar. V.I.Lenin boshchiligidagi hukumat — Xalq Komissarlari Soveti (XKS)ni tuzdilar. Petrograd va Moskvada muvaqqat hukumatga sodiq kuchlarning qarshiligini shafqatsiz bostirib, Rossiyaning muhim Markaziy sanoat shaharlarida tezlik bilan hukmronlikni o’rnatdilar. Asosiy dushman — kadetlar partiyasi esa qonundan tashqari deb e’lon qilindi, partiya yo’lboshchilari qamoqqa olindi, matbuot erkinligiga chek qo’yildi. Shunga qaramay, ta’sis Majlisiga bo’lgan saylovlar (1917 yil 12 noyab.)da bolsheviklar faqat 25% ovoz oldi. 1918 yil 5(18) yanvarda Petrogradda bo’lgan ta’sis Majlisi bolsheviklarning do’q-po’pisalardan iborat talablarini rad qilgach, ular tomonidan noqonuniy ravishda tarqatib yuborildi. Bu holat mamlakatning parchalanishi va Rossiyada fuqarolar urushi (1918-22) kuchayishiga olib keldi. 1918 yil mart oyiga kelib Rossiyaning anchagina hududida sovet hokimiyati o’rnatildi. «Harbiy kommunizm» siyosatiga o’tilishi, qatag’on organi — butun Rossiya Favqulodda komissiyasi (VChK)ning tuzilishi (1917 yil dekabr) va qizil armiyaning tashkil qilinishi (1918 yil Fevral) bolsheviklar g’alabasini ta’minlab, ularning yakka-partiyaviy hukmronlikni o’rnatishiga imkon berdi. 1917 yil kuzida Turkistonda hokimiyatning Sovetlar qo’liga o’tishi uchun ob’yektiv shart-sharoitlar yo’q edi, bolsheviklarning omma o’rtasida ta’siri ham oz bo’lgan. Bu yerda asosiy siyosiy kuchlar eserlar va milliy partiyalar edi. Biroq, Oktyabr to’ntarishi haqidagi xabar 27 oktabrda Toshkentga yetib kelgach, bolsheviklar va so’l eserlar hokimiyatni zo’ravonlik yo’li bilan egallash uchun kurash boshladilar. To’rt kunlik janglardan so’ng Toshkentning yangi shahar qismida sovet hokimiyati o’rnatildi (1917 yil 1 noyabr). Muvaqqat hukumatning Turkiston komiteti ag’darib tashlandi. Biroq qurolli to’qnashuvda mahalliy aholi deyarli ishtirok etmadi. 1917 yil 15-22 noyabrda bo’lgan Turkiston Sovetlarining 7-o’lka s’yezdila so’l eserlar, bolsheviklar va maksimalistlardan iborat Turkiston o’lkasi XKS (raisi F.I.Kolesov) tuzildi. Hukumat tarkibiga tub millat vakillaridan biron kishi ham kiritilmagan edi. Hokimiyatning Sovetlar tomonidan bosib olinishini taraqqiyparvar kuchlar (Fitrat, Ubaydulla Asadullaxo’jayev, Munavvarqori, Mustafo Cho’qay, Sherali Lapin va boshqalar) keskin qoralashgan. Turkistondagi sovet hokimiyati muvaqqat hukumatdan meros qolgan harbiy kuchlar va boshqa qurolli kuchlarni o’z qo’liga to’plab, Qo’qonga hujum qildi va Turkiston muxtoriyatini tugatdi (1918 yil Fevral). Biroq Buxoroga qilingan bosqin (1918 mart) mag’lubiyatga uchradi. Oktyabr to’ntarishi 20-asrda Rossiya va butun jahon uchun kuchli ta’sir qildi. Dunyo siyosiy tartibotida aql bovar qilmaydigan voqealar yuz berdi. Amalga oshirilgan Oktyabr to’ntarishini saqlab qolish uchun bolsheviklar butun ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ustidan diktaturani, ya’ni alohida shaxslarning hokimiyatini ta’minlab beruvchi harbiy-siyosiy rejimni o’rnatdilar. Bu rejim sobiq SSSR hududida qatag’on siyosatini amalga oshirdi. Garchi Oktyabr to’ntarishi 18-19-asrlarda shakllangan sotsialistik g’oyalar bayrog’i ostida amalga oshirilgan bo’lsada, aslida maqsad qanday qilib bo’lmasin davlatni qo’lga olishga qaratilgan edi. Bolsheviklar Oktyabr to’ntarishidan keyin oldingi imperiyachilik siyosatini izchil davom ettirdilar. 20-asrning 2-yarmida esa imperiya chegarasini G’arbiy Yevropagacha yetkazdilar. Dunyoning ikki qutbga bo’linish jarayoni boshlandi. Bu jarayon 20-asrning 80-yillarigacha davom etdi. Oktyabr to’ntarishi insoniyat tarixiy taraqqiyotini butunlay teskariga burib yubordi. Jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi xususiy mulk, tadbirkorlik, savdo-sotiq, erkin harakat, shuningdek, erkin fikr avvaliga bir qolipga solindi, keyinroq butunlay taqiqlab qo’yildi. Insoniyat yaratgan, tabiat in’om etgan hamma narsalar davlat mulkiga aylantirildi. Sobiq Ittifoq hududidagi xalklarning qadriyati asta-sekin yo’qotila borildi. Yagona xalq, yagona oila, yagona til kabi sun’iy qadriyatlar tiqishtirildi. Xalqni, uning manfaatlarini nazar- pisand qilmay, aslida xalq irodasiga qarshi amalga oshirilgan Rossiyadagi Oktyabr to’ntarishi 20-asrdagi davlat terrorizmini boshlab bergan siyosiy voqea edi. Ad:. O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000; istoriya sovetskoy Rossii Sankt-Peterburg, 2001; V er go N., Istoriya Sovetskogo gosudarstva, 1900-1991, M., 2001. Hahramon Rajabov, Sayfiddin Jo’rayev.