O’LCHOVLAR METRIK TIZIMI
O’LCHOVLAR METRIK TIZIMI, o’lchovlarning o’nlik tizimi — uzunlik birligi uchun metr asos qilib olingan fizik kattaliklar majmui. Dastlab, O’lchovlar metrik tizimiga, metrdan tashqari, yuza (kvadrat metr), hajm (kub metr), massa [kilogramm (4° dagi 1 dm3 suvning massasi) o’lchovlari hamda litr, ar (yer yuzalarini o’lchash uchun)] va tonna (1000 kilogramm) ham kirar edi. O’lchovlar metrik tizimi frantsuz olimlari (J.Borda, M.J.Kondorse, P.Laplas, G.Monj va boshqalar)dan tuzilgan komissiya taklifiga ko’ra, uzunlik birligi — metr uchun Parij geografik meridiani ¼ uzunligining o’n milliondan bir qismi qabul qilingan. Frantsiyada ‘lchovlar metrik tizimini joriy qilish haqidagi dekret 1795 yil 7 aprelda qabul qilinib, 1799 yilda platinadan metrning namunasi yasalgan. 1875 yil 17 ta mamlakat (shu jumladan, Rossiya ham) xalqaro bir xillikni ta’minlash va o’lchovlar tizimini takomillashtirish maqsadida o’lchovlar haqidagi shartnomaga qo’l qo’ydi. 1899 yil 4 iyunda qabul qilingan qonun bilan Rossiyada ‘lchovlar metrik tizimi dan foydalanish (majburiy bo’lmagan holda) joriy qilindi. Bu qonun loyihasini Ts.N.Mendeleyev ishlab chiqqan. Sobiq SSSR da, shu jumladan, O’zbekistonda 1925 yil 24 iyuldan boshlab qonuniy tus oldi.