O’LIK DENGIZ

O’LIK DENGIZ (Arabcha Bahr-Lut) G’arbiy Osiyodagi oqmas sho’r ko’l, Iordaniya va Isroil hududlarida. Alhor tektonik botig’ida, dengiz sathidan 395 metr pastda (sohili yer quruqlik qismining eng past joyi) joylashgan. Maydoni 1050 kilometr kvadrat, uzunligi 76 kilometr, eng chuqur joyi 356 metr (ba’zi ma’lumotlarga ko’ra 335 metr). Qirg’oqlari tik va qoyali. O’lik dengizga Iordan daryosi quyiladi. Dunyodagi eng sho’r ko’llardan (tuz zaxirasi 43 milliard tonna chamasida), sho’rligi 260-270°/00, ayrim yillarda 310°/00 ga yetadi. Ko’ldan kaliy va boshqalar tuzlar olinadi. Ko’l suvi yuqori darajada minerallashganligidan hayvon va o’simliklar (ayrim bakteriyalardan tashqari) yo’q. Sohillari cho’l, ondasonda vohalar uchraydi. G’arbiy sohilidagi g’orlardan 1947 yilda qadimiy ivrit, Arab, yunon, lotin va boshqalar tillardagi qo’lyozmalar (katta qismi miloddan avvalgi 2-asr — milodiy 2-asrga taalluqli) topilgan. O’lik dengizning g’arbiy sohilida, unga Iordan daryosi quyilish qismida Bibliya afsonalarida yozilgan Sodom va Gomorra shahrilari mavjud bo’lgan deb taxmin qilinadi.