Olimxon, Amir Olimxon, Amir Sayd Olimxon
Olimxon, Amir Olimxon, Amir Sayd Olimxon (1881, Karmana — 1944.28.4, Kobul) — Buxoro amiri (1910-20), mang’itlardan. Amir Abdulahadning o’g’li. Peterburgdagi Nikolayev kadet (pajlar) korpusida ta’lim olgan (1893— 96). 1898 yil Qarshi, so’ngra valiaxd sifatida Karmana bekliklariga hokim bo’lgan. Otasi vafotidan so’ng, Buxoro taxtiga o’tirgan (1910 yil 24 dekabr). Olimxon davrida Buxoro amirligining Rossiyaga qaramligi yanada kuchaydi. Taraqqiyparvar kuchlar, shuningdek, yosh buxoroliklar qattiqta’qib qilindi. Birinchi jahon urushi davrida Rossiya imperatori Nikolay II uni general-Leytenant harbiy unvoni bilan taqdirlagan va o’zining general-ad’yutanti qilib tayinlagan (1915 yil dekabr). Chunki, u Rossiyaga katta miqdorda pul bilan yordam bergan edi. Buxoroda 1917 yil aprel namoyishi, xususan, Kolesov voqeasi (1918 yil mart) dan keyin u amirlik hududida 3000 kishini jadidlikda ayblab, nohaq qatl qildirgan. 1920 yil avgustda Buxoro bosqini natijasida amirlik tuzumi ag’darib tashlandi. Sentabr oyining o’rtalarida Olimxon Sharqiy Buxoroga borib, Buxoro xalqining bosqinchi qizil armiyaga qarshi olib borgan mustaqillik kurashiga rahbarlik qilishga urindi. Olimxon Hisor viloyatini o’ziga qarorgoh qilib, 6 oy davomida qizil askarlarga karshi kurashgan. Hisorda yangi hukumat tashkil qilib, buxoroliklarning qizil askarlarga qarshi olib borayotgan jang harakatlarini muvofiqlashtirishga intilgan. Olimxon Ko’lob, Hisor va Dushanba atrofida katta miqdordagi kuchlarni birlashtirishga muvaffaq bo’lgan. 1920 yil noyabr oyining o’rtalarida uning qo’shinlari Boysun, Darband, Sherobodni qizil askarlardan ozod qilishdi. Olimxon ixtiyoriga Farg’onadan yordamga yuborilgan 4000 yigit ham Sharqiy Buxoroga yetib keladi. 1921 yil 8 yanvarda Olimxon qo’shinining miqdori 25000 kishiga yetgan. Hisordan Ko’lob viloyatiga kelgan Olimxon butun qo’shinlariga Ibrohimbekni Oliy bosh qo’mondon (o’rinbosarlar: Sharqiy Buxoroda — Davlatmandbek va G’arbiy Buxoroda — Mulla Abdulqahhor) qilib tayinlaydi. Biroq, bir qator janglarda mag’lubiyatga uchragach, Olimxon Amudaryoning Chubek kechuvidan Afgonistonga o’tib ketgan (1921 yil 4 mart). Olimxonni Kobulda Afg’oniston amiri Omonullaxon qabul qilib, doimiy yashashi uchun unga Kal’ai Fotuda Maxsus qarorgoq ajratib beradi. U Kobulda yashasa ham Buxorodagi ozodlik harakatiga g’oyaviy jihatdan rahbarlik qilishda davom etdi, ko’rboshilar va ulamolarga turli maktublar va qimmatbaho sovg’alar jo’natib, ularni kurashga ilhomlantirgan. Olimxon Kobulda o’zining esdaliklarini yozib tugallaydi. Umrining oxirida ko’zi ojizlanib qoladi, og’ir dardga chalinadi. Uzoq davom etgan xastalikdan so’ng u Kal’ai Fotuda vafot etadi. Kobul atrofidagi shahidoni Islom (Islom shahidlari) qabristoniga dafn etilgan. Olimxon ning xotiralari Parijda frantsuz tilida (1929), keyinchalik G’arbda fors tilida, O’zbekistonda o’zbek va rus tillarida (1991), Tojikistonda tojik tilida (1992) alohida kitob sifatida chop qilingan. Olimxon hukmronligi davrida Buxoroda Olimxon madrasasi qurilgan, Sitorai Mohi Xosa saroyini qurish yakunlangan. As: Buxoro xalqining hasrati tarixi .T., 1991. Ad.: Ayniy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Fitrat, Amir Olimxonning hukmronlik davri, T., 1992; Muhammad Ali Baljuvoniy, Tarixi nofeiy [foydali tarix], T., 2001; Rajabov Q., Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash, T., 2002. Qahramon Rajabov.