Olmos entomologiya qo’riqxonasi
Olmos entomologiya qo’riqxonasi — zararli hasharotlarni o’rganish, foydali hasharotlarni muhofaza qilish va ko’paytirish, ularning qishloq xo’jaligidagi ahamiyatini aniqlash maqsadida tashkil etilgan qo’riqxona. Namangan viloyati Chust tumani olmos qishlog’i yaqinida joylashgan. Maydoni 96 gektar. 1990 yilda O’zbekiston o’simliklarni himoya qilish instituti va entomolog olim S. N. Alimuhamedov tashabbusi bilan tashkil etilgan. Farg’ona vodiysida, umuman, O’rta Osiyodagi kabi, 1970 yillarga qadar qishloq xo’jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi kimyoviy vositalar qo’llanilishi natijasida buzilgan atrof muhit ekologiyasini, tabiatdagi biologik muvozanatni tiklash, foydali hasharotlarni ko’paytirish vazifalarini bajaradi. Qo’riqxona faoliyati o’simliklarni zararkunanda hasharotlardan biologik himoya qilish usulini ishlab chiqish va joriy etish, foydali hasharotlarni saqlash va ko’paytirish bilan biofabrikalarda ishlab chiqarilayotgan foydali hasharotlar samaradorligini oshirishga yordam beradi. Qo’rikxonalarda zararli hasharotlarni, shuningdek, ular bilan oziqlanadigan 10 dan ortiq foydali xasharotlarni to’plash va ko’paytirish, kuzda ekinzorlardan foydali hasharotlarning qishlash uchun qo’riqxonaga o’tishi, qishdan chiqqach, ularning butun Farg’ona vodiysiga tarqalishi uchun sharoitlar yaratilgan.