Oltinsoy

Oltinsoy — Navoiy viloyatidagi soy. Oqtog’ning Janubiy yon bag’ridan boshlanadi. Uzunligi 44 kilometr, havzasining maydoni 280 km2. Yuqori oqimida Langarsoy nomi bilan janubi-sharqqa oqadi. Tarama qishlog’idan quyi qismi Oltinsoy deb ataladi. Chilosh qishlog’i yaqinida Maydonsoy bilan birlashib, Kattasoyni hosil qiladi. Bosh qismida tor daradan oqadi. O’rta va quyi oqimlarida 4 ta ko’hna qayiri bor. Oltinsoy qor, yomg’ir va yer osti suvlaridan to’yinadi. O’rtacha yillik suv sarfi 0,22 m3/sek. (Xonaqa qishlog’i yaqinida), oqim moduli 2,1 l/sekund km2. Suvi erta bahorda ko’payadi. Aprelda suvining 20— 25%, avgustda 2-3% oqadi. Ba’zan soydan sel keladi. 1963 yil bahorida o’tgan selning miqdori 600 m3/sekund bo’lgan. Umumiy uzunligi 130 kilometrdan ortiq irmog’i bor. Oltinsoydan Xatirchi tumanidagi xo’jaliklar va qishloqlar suv oladi. Soy vodiysida Tarama, Oqtepa, Xonaqa, Oltinsoy kabi qishloqlar joylashgan.