Oltintopgan qo’rg’oshin- rux koni

Oltintopgan qo’rg’oshin- rux koni — Tojikiston Respublikasining Sug’d viloyati hududida, Olmaliq shahridan 10 kilometr masofada joylashgan polimetall koni. Kon Qurama tog’ining Janubi- g’arbida yuqori paleozoy davriga mansub granodioritlar bilan yuqori devon — quyi toshko’mir davrlariga oid karbonat jinslar oralig’idagi tektonik buzilishlar zonasida. Rudalanishning shtok va dayka shakllaridagi granodiorit-porfirlar, granit-porfir, diabazli porfirlarning qumtosh, ohaktosh va slanes qatlamlari bilan tutashgan chegarasida rudali skarnlar hosil bo’lgan. Asosiy ruda hosil qiluvchi minerallar — galenit, sfalerit, kamroq miqdorda pirit, xalkopirit, magnetit va boshqalar ishtirok etgan. Ruda to’plamlarining qalinligi 10 metr, uzunligi 1 kilometrga yetadi. Bu mintaqada ruda qazib olish miloddan avvalgi 3-2 — ming yilliklarda boshlanganligi ma’lum. Hozirgi davr texnologiyalari bo’yicha keng miqyosda ruda qazib olish 1955 yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibida tashkil etilgan, 1971 yilgacha kombinatsiyalashgan (yer osti va ochiq) usulda ish olib borilgan. Oltintopgan qo’rg’oshin-rux konidan qazib olingan ruda Olmaliq qo’rg’oshin-rux boyitish fabrikasi va zavodida qayta ishlangan. 1990-yillardan konda qazib olish ishlari to’xtatilgan.