Optik spektrlar
Optik spektrlar — ultrabinafsha (to’lqin uzunligi 1 < 3800A), ko’zga ko’rinadigan (7600A > 1 > 3800A) va infraqizil (1 > 7600A) nurlar, ya’ni 100 dan 0,01 mikrongacha uzunlikdagi to’lqinlar sohasini o’z ichiga oladigan spektrlar. Ko’pincha, spektr nurlanuvchi manba tabiatiga qarab ajratiladi. Shunga asosan, atom va molekula tashqi elektron qobiqlari jarayonlarida, molekulalarning aylanma va tebranma harakatida hamda qattiq yoki suyuq moddani qizdirish va lyuminessentsiya vaqtida chiqadigan spektrlar Optik spektrlardir. Optik spektrlar tutash (uzluksiz), chiziqli va yo’l-yo’l xillarga bo’linadi. Qizdirilgan qattiq yoki suyuq moddalar tutash Optik spektrlar chiqaradi; bunda uzluksiz turli (qizil, to’q sariq, yashil, ko’k, havo rang, binafsha) spektrlar paydo bo’ladi. Yuqori temperatuada yaraqlaydigan gaz va modda bug’lari chiziqli va yo’l-yo’l Optik spektrlar chiqaradi. Chiziqli spektrlar ayrim chiziqlardan iborat bo’lib, atomlarga xos. Yo’l- yo’l spektrlar molekulalar nurlanishi bo’lib, har bir yo’l alohida chiziqli spektrlardan iborat. Optik spektrlar nurlanish va yutilish spektrlarida ajraladi. Nurlanish spektri qattiq, suyuq, gazsimon moddaning yuqori temperatura yoki elektr razryadi ta’sirida hosil bo’ladi. Ma’lum bir manbadan chiqayotgan tutash spektr biron muhitdan o’tayotganda yutilish spektri sodir bo’ladi. Kirxgof nurlanish qonuniga asosan har qanday jism spektrli nur chiqarsa, shunday spektrli nurni yutadi. Optik spektrlarni o’rganish fizika, astronomiya va texnikaning ko’p sohalarida, ayniqsa, atom va molekula spektrlari qonuniyatlarini aniqlashda, ularning tuzilish nazariyasini ishlab chiqishda katta o’rin tutadi.