Oq masjid
Oq masjid — Samarqand viloyati Tim qishlog’idagi me’moriy yodgorlik (15-asr 2-yarmi — 16-asr boshlari). Oq masjid peshtoq-ravoqli, bir xonali, gumbaz tomli. Devorlari ganch bilan qoplangan (nomi ham shundan). Bosh tarzi peshtoqli, ravoqli eshik orqali kiriladi. Eshik tepasidagi tobadon ganch panjara bilan bezatilgan, uning tepasiga darcha ishlangan. Peshtoqining o’ng qanoti tekis devorli, chap qanotida tomga chiqiladigan zina bor. Ikki yon tarzida eshik bo’lib, uning tepasidagi tobadonlar ham ganchkori panjaralar bilan bezatilgan. Ichki xonaning gumbaz osti bag’allari 16 qirrali, ravoqsimon bezakli. Janubiy-g’arbiy devoriga mehrob ishlangan. Umumiy tarhi 14,78×12,41 metr, xonaqoh 7,10×7,10 metr, pishiq g’isht (27x27x5—6 santimetr) ganch qorishmasida terilgan.