Oq mushak kasalligi
Oq mushak kasalligi — chorva mollari, parrandalarda uchraydigan kasallik. Moddalar almashinuvining buzilishi, miokard-yurak mushagi va skelet mushaklaridagi funktsional hamda morfologik o’zgarishlari bilan kechadi. Ko’proq buzoqlar va qo’zilarda, kamroq cho’chqa bolalarida, mo’ynali hayvonlarda, jo’jalar va boshqalarda kuzatiladi. Ozuqa tarkibida oqsil, fosfor, mikroelementlar va vitaminlar yetishmaganda, qayvonlar va parrandalar surunkali bir xil va to’yimsiz ozuqa bilan oziqlantirilganda yuzaga keladi. Buzoklar va qo’zilarda kasallikning boshlanishida holsizlik, ko’p yotish; skelet mushaklari zararlanganda — harakat muvozanatining buzilishi, paralich, miokard zararlanganda — yurak urishi ritmining buzilishi, taxikardiya, nafas olishning tezlashishi kuzatiladi. Kasallik rivoj olsa, oyoqlar, ko’kraklarda, qorinda shish paydo bo’ladi. Siydikda shakar, atseton tanalari paydo bo’ladi. Kasallik o’tkir va yarim o’tkir, ba’zan surunkali kechadi. Kasallik klinik belgilari paydo bo’lgandan keyin, odatda, 3-7 kun davom etadi, ayrim hollarda kasallik belgilari namoyon bo’lgandan keyin hayvon bir necha soat ichida nobud bo’ladi. Davolash. Hayvonlarni yaxshi sharoitlarda saqlash va to’yimli ozuqalar bilan boqish. Teri ostiga natriy selenit tuzining 0,5% eritmasi (1 kilogramm tana massasiga 0,1—0,15 mg quruq modda yuboriladi), vitamin E beriladi. Asorat paydo bo’lsa antibiotiklar qo’llaniladi. Oldini olish. Oq mushak kasalligi bo’yicha nosog’lom xo’jaliklarda hayvonlarni bog’lab boqish paytida rasionga silos, beda, suyak uni, mikroelementlar qo’shiladi. Bo’g’oz mollarga (tug’ishgacha 20-30 kun qolganda) va yangi tug’ilgan buzoq va qo’zilarga natriy selenitlarning 0,5% eritmasidan teri ostiga yuborish tavsiya etiladi. Jo’jalarga 1 kilogramm ozuqaga 1 mg selen qo’shib, 5-7 kun davomida beriladi. Hoshim Nurmamatov.