Oqsaroy

Oqsaroy — Toshkentdagi zamonaviy me’moriy inshoot; O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorgohi. Binoning me’mori A. Toxtaev. Oqsaroy Yugoslaviya (hozirgi Serbiya va Chernogoriya)ning «Energoproekt visokogradnya xolding» kompaniyasi bilan hamkorlikda 6 oyda bunyod etilgan (1999). Maydoni 5460 kvadrat metr. Qabulxona (tantanali kirish qismi) da mehmonlar qabul qilinib, o’zaro muzokaralar olib boriladi. Majlislar zali, dam olish va xizmatchilar xonalari hamda qo’shimcha xonalar mavjud. Xonalar turlicha loyihalashtirilganiga qaramay, ixcham va bir-biri bilan hamohangdir. Oddiy geometrik shakllardan tashkil topgan bino tarzi juda hashamatli ko’rinadi. Peshtoqi mayda ravoqchali, ustunli, 2 qanoti galereyali, o’rtasi Rotonda shaklida. Oppoq kurkam va mahobatli ko’rinishga ega. Sathi katta o’lchamdagi tosh bo’laklari bilan qoplangan. Intereri yuqori sifatli materiallar bilan jihozlangan. Qabulxonaning oq va zangori marmarli Pol sathi yarqiragan baland shipi bilan uyg’unlashgan. Tabiiy qurilish materiallaridan mahorat bilan sayqallangan. Atrofi manzarali daraxt, gulzor va favvoralar bilan bezatilib, ko’kat chimlar yotqizilgan, shamchiroqlar o’rnatilgan.