Oqshoh
Oqshoh (? — 1221) — Muhammad Xorazmshohning o’g’li. Xorazmshoh o’limi oldidan Oqshoh va boshqa o’g’li O’moqshohak chaqirib taxtni Jaloliddin Manguberdiga berajagini bildirgan. Aka-ukalar gurganjni mudofaa etish uchun kelishgan. Sobiq valiaxd O’zloqshoh tarafdorlari Jaloliddinni tan olmaganlar. Jaloliddin Gurganjni tashlab ketishga majbur bo’lgan. 3 kundan so’ng mo’g’ullarning yaqinlashib kelayotganini eshitgan O’zloqshoh va Oqshohlar ham shaharni tark etganlar. Mo’g’ullar ularni ta’qib etib, Habushon viloyatidagi Vashta qishlog’ida ularga yetib olganlar. Avvaliga shahzodalar mo’g’ullarning bir to’dasini engishgan, g’alabadan kibrlanib, xavf-xatardan ogoh bo’lmay turganlarida mo’g’ullar ularni qurshab olib, askarlari bilan chopib tashlagan. Mo’g’ullar Oqshoh va O’zloqshohning kallalarini nayzaga ilib mamlakat bo’ylab ko’tarib yurishgan. Juvayniining yozishicha, Uzloqshoh va Oqshoh mo’g’ullar tomonidan asir olinib, 2 kundan so’ng qatl etilgan. Rashiduddinga ko’ra, mo’g’ullar ularni Shahzoda ekanliklaridan bexabar boshqalar qatori chopib tashlaganlar.