O’QUV YILI
O’QUV YILI — o’quv yurtlarida mashg’ulot boshlanishidan yozgi ta’tilgacha bo’lgan davr. O’quv yili dastlab ta’limning sinfdars tizimi joriy etilishi munosabati bilan 16-asr oxiri — 17-asr boshlarida G’arbiy Yevropa va Ukrainada belgilandi. Bungacha bolalar maktablarga har xil vaqtlarda kirib o’qiganlar, mashg’ulotlar yil bo’yi, ta’tilsiz olib borilgan. O’zbekistonda O’quv yili 1 sentyabrdan 20 iyungacha davom etadi (umumiy o’rta ta’lim maktablarining boshlang’ich sinflari uchun 1 sentyabrdan 25 maygacha). O’quv yili umumiy o’rta ta’lim maktablari uchun 4 chorak, o’rta maxsus va oliy o’quv yurtlari uchun 2 semestrdan iborat. Chorak va semestrlar orasida o’quvchi va talabalarga ta’til beriladi. O’quv yilining chorak va semestrlarga bo’linishi o’quvchi hamda talabalarning bilim darajasini baholash va nazorat qilish imkonini beradi.