O’RDAK
O’RDAK, xonaki o’rdak — o’rdaksimonlar oilasiga mansub parranda. Miloddan ming yil oldin xonakilashtirilgan. Yovvoyi o’rdak — kryakvadan kelib chiqqan. O’rdak deyarli barcha mamlakatlarda, ayniqsa, Xitoy (562 mln. bosh), Indoneziya (28 million bosh), Vetnam (50 million bosh)da ko’p urchitiladi. Jahonda jami 830 million bosh O’rdak boqiladi (1999). O’rdakning tana tuzilishi qayiqsimon, ko’kragi keng, bo’yni va boshi uzun, oyoq barmoqlari suzuvchi parda bilan qo’shilgan. Tumshug’i sarg’ishqizil yoki to’q sariq, bir oz qayrilgan. Patlarining rangi oqish, sarg’imtir, kulrang, qora va boshqalar erkagining dumida bir nechta yuqoriga qayrilgan patlari bor. 24-28 haftaligida jinsiy yetiladi. To’dada 5-6 makiyonga bitta erkak O’rdak qoldiriladi. Bir mavsumda (5-6 oy) 90-130 ta tuxum qiladi (sun’iy tullatib yiliga 250 tadan tuxum olish mumkin). Tuxumi vazni 85-90 gramm. Tuxumidan tuxum poroshogi, melanj tayyorlashda va konditer sanoatida foydalaniladi. Tuxumdan jo’ja ochib chiqish (inkuba- tsiya) muddati 27-28 kun. Voyaga yetgan erkak O’rdak vazni 3-4, makiyoni 2,5—3 kilogramm. Beradigan mahsulotiga qarab O’rdak go’sht, go’shttuxum yoki tuxumgo’sht, serpusht (sertuxum) zotlarga ajratiladi. O’rdak, asosan go’sht uchun yetishtiriladi. Go’shti mayin, mazali, parhez mahsulot. Xo’jaliklarda zotli O’rdakning asosiy qismini Pekin O’rdaklari tashkil etadi. Kichik fermer xo’jaliklari va xususiy xo’jaliklarda oq Moskva, Ukraina oq va kulrang O’rdaki hamda xakikempbell va boshqalar zotlari boqiladi. O’rdak go’shti, asosan, ixtisoslashtirilgan xo’jaliklarda intensiv texnologiya asosida yetishtiriladi. Sanoat usulida yetishtirishda O’rdaklar go’sht uchun maxsus kataklarda boqiladi. O’rdak jo’jalari go’sht uchun (7-8 oy) har bir bosh parrandaga 8,8—9,1 kilogramm to’la qimmatli quruq aralash yem bilan boqiladi. O’rdaklar suv havzalarida o’sadigan o’tlar, mayda jonivorlar bilan ham oziqlanadi. Ayrim mamlakatlarda (Frantsiya, Italiya, Daniya va boshqalar) sanoat parrandachiligida Janubiy Amerikada tarqalgan yovvoyi muskus O’rdaklaridan kelib chiqqan, og’irligi 2-5 kilogrammgacha, go’shti mayin, ilvasin go’shti ta’mini beradigan, yog’i kam muskus O’rdak (Sashpa tokspaga) ko’proq yetishtiriladi.