O’RDAKBURUN

O’RDAKBURUN — o’rdakburunsimonlar oilasi, bir teshiklilar turkumiga mansub sut emizuvchi hayvon. Oilaning yagona turi. Tanasining uzunligi 30-45 santimetr, dumi 10-15 santimetr. Boshining uchida teri bilan qoplangan yassi muguz «tumshug’i» (uzunligi 6,5 santimetrga yaqin) bo’ladi. Suvga sho’ng’iganida ko’zi va quloq teshigi teri burmalari bilan yopiladi. Dumi yassi va uzun, 5 barmoqli oyoqlarida suzgich pardalari bor. Tishlari faqat yosh hayvonlarda bo’ladi; voyaga yetgan davrida ular o’rnini muguz plastinka egallaydi. Juni yumshoq va qalin; orqa tomondan qoramtirqo’ng’ir, ostki tomondan kulrang tusda. O’rdakburun Sharqiy Avstraliya va Tasmaniyada tarqalgan. Daryolar va boshqalar suv havzalari qirg’oqlarida va suvda yashaydi. Mayda suv hayvonlari bilan oziqlanadi. Urg’ochisi yilda 1 marta suv havzalari qirg’og’ida kovlangan iniga 1-2, ba’zan 3 ta tuxum qo’yadi. Qimmatbaho mo’ynasi uchun ko’plab ovlangan. Hozir ovlash man etilgan.