Organizmlar sistemasi
Organizmlar sistemasi — Yer yuzida mavjud bo’lgan va qirilib ketgan organizmlar sistemasi. Tirik organizmlarning 2 milliondan ortiq (ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, 2,5—3 millionga yaqin) turi mavjud. Zamonaviy sistematika turlar o’rtasida qarindoshlik munosabatlarini namoyon qiladigan turdan va kenja turlardan boshlab eng yuksak taksonlar — sinflar, bo’limlar (tiplar) va dunyolargacha bo’lgan darajada ishlab chiqiladigan filogenetik, ya’ni evolyutsion sistemani tuzishga harakat qilmoqda. Ammo 19-asrdayoq ayrim olimlar barcha bir hujayralilar yoki hatto tuban organizmlar (sodda hayvonlar, suv o’tlari, tuban zamburug’lar)ni mustaqil dunyoga ajratishni, ayrim mikologlar esa zamburug’larga alohida dunyo sifatida qarashni taklif etishgan. Shunga qaramay, 20-asr o’rtalarigacha organik olam faqat o’simliklar va hayvonlar dunyosiga ajratib kelindi. Faqat 20-asr o’rtalarida elektron mikroskopiya va molekulyar biologiyaning rivojlanishi bilan yuksak taksonlar sistemasini butunlay yangidan qayta ishlab chiqish boshlandi. Hozirgi tiriklikning eng yirik bo’limlari viruslar va hujayrali organizmlar hisoblanadi. Hujayrali organizmlar prokariotlar va eukariotlarga ajratiladi. Prokariotlarga bakteriyalar va ko’k-yashil suvo’tlar kiradi. Ularning yadro membranasi, mikronaychalari, aktinomiozin harakat sistemasi bo’lmaydi; genlari operon, RNKsi polistron holida tashkil topgan; ribosomalari juda mayda (70S) bo’ladi. Prokariotlarning halqa shaklidagi yagona xromosomasi tsitoplazmada erkin joylashgan; ularda translyasiya va transkripsiya birgalikda boradi. Peptidoglikanli hujayra devori, bacterial flagellinli xivchin va gazli vakuola prokariotlar uchun xos. Eukariotlarga sodda hayvonlar, suvo’tlar (ko’k-yashil suvo’tlardan tashqari), zamburug’lar, ko’p hujayrali o’simliklar va hayvonlar kiradi. Ular yadrosi membrana bilan o’ralgan. Tsitoplazmasida mikronaychalar va aktinomiozinli harakat sistemasi bo’ladi (endositoz, ekzositoz, amyobasi- mon harakatlanish va boshqa tsitoplazmatik harakatlanishni yuzaga keltiradi). Translyasiya va transkripsiya alohida boradi; RNKsi monosistronli, ribosomalari yirik, xromosomalari ko’p chiziqli, xromatini nukleosoma tarzida; mitoz orqali ko’payadi. Eukariotlar hujayrasining nafas olishi mitoxondriyalarda, fotosintez esa xloroplastlarda boradi. Eukariotlar xivchini bir xil tipda murakkab tuzilgan. Ularning bir qancha organoidlari, masalan, mitoxondriyalar va xloroplastlarning kelib chiqishi endosimbiotik bakteriyalar bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Prokariotlar va eukariotlar organik olamning 2 ta katta dunyosi hisoblanadi. Prokariotlar katta dunyosi 2 ta dunyo — eubakteriyalar va arxebakteriyalarga ajratiladi. Ular, asosan, lipidlar tarkibi bo’yicha o’zaro farq qiladi. Eukariotlar sistemasiga 2 xil yondoshuv mavjud. 1-xil yondoshuvga ko’ra, eukariotlar 4 dunyoga, xususan, ko’p xujayralilar bir-biridan yaxshi farq qiladigan monofilik 3 dunyoga: ko’p xujarali hayvonlar (Metazoa), yuksak ko’p hujayrali quruqlik o’simliklari (Metaphyta)ra va yuksak zamburuglar (Eumycota) ajratiladi. Qolgan barcha eukariotlar (bir hujayralilar, koloniyalilar, ayrim ko’p hujayralilar) bitta protistlar (Protista) dunyosiga birlashtiriladi. Boshqa xil yondoshuvga ko’ra, barcha eukariotlar filogenetik jihatdan o’zaro teng bo’lgan juda ko’p dunyoga ajratiladi. Agar hozirgi ilmiy nuqtai nazardan qaraladigan bo’lsa, bu xildagi yondoshuvga ko’ra, 10-15 ta eukariotlar dunyosini ajratish mumkin. Lekin, ayniqsa, tuban eukariotlar o’rtasidagi qarindoshlik munosabatlarining noanikdigi bunday sistemalarning ishonchli bo’lishiga imkon bermaydi. Shunday qilib, tuban eukariotlar o’rtasida chegara munozarali masala bo’lib qolmoqda. Hamma uchun ma’qul keladigan Organizmlar sistemasi hozirgacha ishlab chiqilmagan. Shuning uchun har xil manbalarda ko’rsatiladigan dunyo, kenja dunyo va tiplar (bo’limlar) soni ham bir xil emas. Zamonaviy Organizmlar sistemasiga misol tariqasida A. L. Taxtajan. L. Margelis, J. Korlis, S. Karpov, I. M.Mirabdullaev va boshqalarning sistemasini ko’rsatish mumkin. Bu mualliflarning sistemasi asosida Organizmlar sistemasi quyidagi ko’rinishga ega bo’ladi: 1. Katta dunyo. Prokariotlar (Prokaryota). 1. Eubakteriyalar (Eubacteria) dunyosi. 2. Arxebakteriyalar (Archaebacteria) dunyosi. II. Katta dunyo. Eukariotlar (Eukaryota). 1. Protistlar (Protista) dunyosi. 2. Ko’p hujayrali hayvonlar (Metazoa) dunyosi. 3. Haqiqiy zamburug’lar (Eumycota) dunyosi. 4. Yuksak o’simliklar (Metaphyta) dunyosi. u4y.:Kusakin O. G., Drozdov A. L., Filema organicheskogo mira. Chast 2, Sankt- Peterburg, 1998; Margelis L., Rol simbioza v evolyusii kletki, M., 1983. Iskandar Mirabdullayev.