O’RGIMCHAKKANALAR
O’RGIMCHAKKANALAR — o’rgimchaksimonlarga mansub kanalar oilasi. Texnika, poliz ekinlari hamda mevali daraxtlar ashaddiy zararkunandasi. O’rgimchakkanalarning oddiy o’rgimchakkana O’rgimchakkanalar. Atlant o’rgimchakkanasi, bog’ o’rgimchakkanasi meva qo’ng’ir kanasi, meva qizg’ish kanasi (T. rapopuspsh iglch Kos.) kabi 100 ga yaqin turi ma’lum. O’rta Osiyoning sug’orma dehqonchilik mintaqalarida ko’p uchraydigan oddiy O’rgimchakkanalar — hammaxo’r zararkunanda. Yetuk hasharoti tana uzunligi 0,4—0,5 millimetr, 4 juft oyokli, tanasining ustki qismida 26 ta ingichka tukchalari bor, rangi yozda sarg’ish-ko’kimtir, kuzda, qishda va erta bahorda qizg’ish yoki qizil. Tuxumi sharsimon (0,1 mm), yaltiroq, ko’kimtir. Lichinkasi 0,13—0,19 mm, uch juft oyoqli. Nimfalari 0,13—0,15 mm. O’simlik shirasi bilan oziqlanadi, o’simlik bargining orqa tomoniga uya yasaydi, shu joyda rivojlanadi. Erkagi urg’ochisiga nisbatan 2 marta kichik. Rivojlanish tsiklida tuxum, lichinka, pronimfa, deytnoma va etuk hasharot (imago) davrlarini o’taydi. Yetuk urg’ochilari 40 kungacha yashaydi va 140-600 tagacha tuxum qo’yadi. Harorat ko’tarilishi bilan rivojlanishi tezlashadi. Tuxumlardan 2-3 kunda lichinkalar chiqadi. Yiliga 12-18 martagacha avlod beradi. O’rgimchakkanalar kuzda qaysi dalada oziqlagan bo’lsa o’sha yerda yoki uning yaqinida imago holida tuproq yuzasi va tagida hamda tut daraxtlarida qishlaydi. Qishning — 28° dan ortiq sovug’i, bahorda esa dambadam yog’adigan jala O’rgimchakkanalarni ko’plab nobud qiladi. O’rgimchakkanalar mart oyida, o’rtacha havo harorati 12-14° da qishlovdan chiqib, begona o’tlarda birinchi avlodni o’taydi. Begona o’tlar quriy boshlagach (may oyining 2-yarmida), g’o’za, poliz ekinlari (bodring), soya va mevali daraxtlarga o’tadi. O’rgimchakkanalar o’zi ajratgan oq ipakchalari bilan o’simlik barglarini butkul qoplab oladi va hujayra shirasini so’rib, xloroplastlarni yemiradi. Natijada barglarda qizg’ish dog’lar paydo bo’ladi, keyinchalik dog’lar bir-biriga qo’shilib barglar qo’ng’ir tusga kiradi va vaqtidan erta to’kilib ketadi, o’simlik mevalari yaxshi rivojlanmay nobud bo’ladi. Atlant o’rgimchakkanasi oddiy O’rgimchakkanalarga o’xshash; beda, yo’ng’ichqa, nok, olma va boshqalar mevali daraxtlarni ham zararlaydi. Kurash choralari: kuzda ekin poyalari daladan chiqarib tashlanadi; begona o’tlar yo’qotiladi, vegetasiya davrida daraxtlar va ekinlarga oltingugurt kukuni bilan ishlov beriladi; erta bahorda mevali daraxtlarga akarisidlar purkaladi. Shuningdek, O’rgimchakkanalarga qarshi biologik kurash usulida nuqtali kanaxo’r (stetorus), yirtqich kana (orius), kanaxo’r trips va oltinko’zlar lichinkasidan foydlaniladi. Sulton Alimuhamedov.