O’RGIMCHAKLAR
O’RGIMCHAKLAR — o’rgimchaksimonlar turkumi. Uzunligi 0,7— 11 santimetr. Ko’pchilik O’rgimchaklar tanasi qisqa poyacha orqali tutashgan yaxlit boshko’krak va qorin bo’limidan iborat; faqat bo’g’imqorinli O’rgimchaklar tanasi bo’g’imlarga bo’lingan. Xeliserasiga zahar bezlari yo’li ochiladi. Qorin bo’limi keyingi qismida 1-4 juft to’r bezlari joylashgan. 27000 dan ortiq, jumladan O’zbekistonda bir necha yuz turi bor. 3 kenja turkum: bo’g’imqorinlilar, qushxo’r O’rgimchaklar vao’pkali O’rgimchaklarga bo’linadi. Bo’gimqorinlilar tuban tuzilgan 10 ga yaqin tropik O’rgimchaklarni o’z ichiga oladi. Qushxo’r O’rgimchaklar, asosan, tropikada tarqalgan, 1500 ga yaqin yirik (10 santimetrgacha) turlardan iborat. Ko’pchilik O’rgimchaklar murakkab to’r to’qib, o’ljasini to’r yordamida tutadi. Faol hayot kechiradigan turlari to’r to’qimaydi; inda yashaydi. Yirtqich oziqlanadi, ayrim turlari uchun Kannibalizm xos. O’rgimchaklar zararkunanda va parazit hasharotlar va boshqalar umurtqasizlar bilan oziklanishi tufayli foydali hisoblanadi. Qoraqurt va biylar zahri odam uchun xavfli.