O’RGIMCHAKSIMONLAR
O’RGIMCHAKSIMONLAR — Xeliseralilar kenja tipiga mansub bo’g’imoyoqlshar sinfi. Uzunligi 0,1 millimetrdan 17 santimetrgacha. Og’iz organi so’ruvchi. Ko’zlari oddiy. Boshko’kragi ingichka poyacha orqali qorin bilan tutashgan yoki unga qo’shilib ketgan. Qorinoyoqlari reduktsiyaga uchragan yoki shaklan o’zgarib taroqsimon o’simta, varaqsimon o’pka yoki to’r bezlarini hosil qiladi. O’pka yoki traxeyalar orqali nafas oladi. Ayirish organlari — malpigi naychalari va koksal bezlar. Ko’pchilik O’rgimchaksimonlarda zahar bezlari bor. Ayrim jinsli, tuxum qo’yadi, ayrim turlari (chayonlar) tirik tug’adi. 60000 ga yaqin turi bor; kanalar, chayonlar, telifonlar, Frinlar, tartaridlar, palpigradlar, fisinuleylar, soxta chayonlar, solpugalar, pichano’rarlar, o’rgimchaklar turkumlariga bo’linadi. O’rgimchaksimonlar keng tarqalgan, ko’pchiligi quruqlikda yashaydi; kanalar va o’rgimchaklar orasida ikkilamchi marta suvda yashashga o’tgan turlari bor. Ko’pchiligi yirtqich, har xil umurtqasizlar bilan oziqlanadi. Bir qancha turlari parazit (kanalar) va o’simlikxo’r (o’rgimchakkanalar). O’zbekiston hududida kanalar, chayonlar, solpugalar va o’rgimchaklarning bir necha yuz turi tarqalgan.