O’RMON ZONALARI
O’RMON ZONALARI — shimoliy va Janubiy yarim sharlarning ekvatorial, tropik, subtropik va mo’tadil mintaqalarining tabiiy landshaftida turli tipdagi o’rmonlar asosiy o’rinni egallagan geografik zonalar. O’rmon zonalari Yer yuzidagi quruqlikning 30% ga yaqin qismini egallaydi. Ekvatorial O’rmon zonalari ekvatorial mintaqatlsh tabiiy landshaftida o’rmonlar ko’p bo’lgan tabiiy zona. Asosan, ekvatorning har ikki tarafidagi pasttekisliklarni egallaydi (Amazonka daryosi havzasi, Ekvatorial Afrika, Malay arxipelagidagi orollar va yangi Gvineyada). Tabiat rivojlanishida mavsumiy o’zgarishlarning yo’qligi, iqlimning o’ziga xosligi va kunning uzoqligi xos. Doim yashil o’rmonlar juda zich va turlarga boy. Zonaning chekka qismlarida barg to’kuvchi daraxtli aralash o’rmonlar mavjud. Subtropik mintaqalardagi O’rmon zonalarida qish iliq bo’lib, vegetatsiya uzluksiz davom etadi. Bu zonadagi o’rmonlar gemigileya, mussonli aralash o’rmonlar va o’rta dengizbo’yi o’lkalaridagi yozgi quruq o’rmonlar va butazorlarga ajratiladi. Gemigileyalar AQShning Janubi sharqi, Braziliya yassitog’ligining Janub, Afrikaning Janubi sharqi, yangi Zelandiyaning Shimoliy orolidagi sernam o’lkalarda, mussonli aralash o’rmonlar qishi quruq va yozi nam bo’lgan iliq iqlim sharoitida, asosan, Osiyo, shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya materiklarining Sharqiy chekkalarida joylashgan. O’rta dengiz bo’yi o’lkalaridagi yozi quruq o’rmonlar va butazorlar shimoliy Amerika (Kaliforniya), Janubiy Amerikaning g’arbi, Avstraliyaning Janubiy va g’arbi, Janubiy Afrikada, yangi Zelandiyaning shimoldagi kichikroq hududni egallagan. Tropik mintaqalardagi O’rmon zonalari Janubiy yarim shardagi iqlimi nam yoki mavsumiy nam bo’lgan, tuproq hosil bo’lishi Laterit xususiyatli, yillik yog’in miqdori 2000 millimetrdan ziyod bo’lgan hududlarda, xususan, Floridaning Janubda, Vestindiyada, Madagaskar orolida, Avstraliyaning sharqida va Okeaniyaning ba’zi orollarida keng tarqalgan. Bu zonada doim yashil o’rmonlar bilan bir qatorda qizil ferralit va ferrit tuproqlarda qurg’oqchilik davrida barg to’kadigan daraxtlar ham o’sadi. Mo’tadil mintaqalarning O’rmon zonalari Shimoliy va Janubiy yarim sharlardagi materiklarning, asosan, igna bargli va barg to’kadigan o’rmonlar hamda podzol va qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan tabiiy zonalaridir. Shimoliy yarim sharning shimol qismida muzlik davri relyef shakllari saqlangan. Bu zonada o’rmon hosil qiladigan daraxt turlari kam, o’rmon va o’tloqlar, o’rmon va botqoqliklar, o’rmon va dasht zonalari bir-biri bilan qo’shilib ketgan joylarda o’simlik turi ancha ko’p. Mo’tadil mintaqaning O’rmon zonalari 3 kichik zonaga ajratiladi: tayga, aralash va keng bargli o’rmonlar kichik zonalari. Tog’li o’lkalardagi O’rmon zonalarining tabiiy xususiyatlari balandlik mintaqalari bo’ylab o’zgaradi. Yevrosiyoning O’rmon zonalari G’arbiy Yevropaning katta qismi, Sharqiy Yevropa tekisligi, Ural, G’arbiy Sibir, O’rta Sibir yassitog’ligi va uzoq Sharqda, Shimoliy Amerikadagi o’rmonlar tinch okeandan Atlantika okeanigacha, Janubda sohil bo’ylab 36-40° shahrik. gacha tarqalgan. Janubiy Amerikada faqat materikning g’arbida, and tog’larida, 38° j.k.dan janubda joylashgan. Yangi Zelandiyaning Janubiy orolida ozgina shunday o’rmonlar bor. Boshqa materiklarda bunday o’rmonlar yo’q. O’rmon zonalaridan qishloq xo’jaligida, ayniqsa, dehqonchilikda keng foydalaniladi. Ba’zi joylarda o’rmonlar kesilib, ko’p erlar ekin maydonlariga, plantatsiyalarga aylantirilgan. Ba’zi hududlarda o’rmon xo’jaliklari va ovchilik keng rivojlangan. Hozirgi kunda o’rmonlarni muhofaza qilish muammosi yuzaga kelgan. O’rmonlarni tartibsiz daraxt kesish, yong’inlar, turli kasallik va zararkunandalardan saklash zarur vazifa bo’lib kelmoqda. O’zbekistondagi tog’larda keng bargli, aralash va archa o’rmonlari, tekisliklarda cho’l saksovulzorlari, to’qay o’rmonlari mavjud. Ular suv, tuproq muhofazasiga xizmat qiladi.