Ornitologiya

Ornitologiya (Yunoncha ornithos — qush va … logiya) — umurtqalilar zoologiyasining qushlarni o’rganadigan bo’limi. Ornitologiya qushlarning ekologiyasi, biologiyasi, sistematikasi, morfologiyasi, fiziologiyasi, biogeografiyasi, evolyutsiyasi va amaliy axamiyatini o’rganib, bu ma’lumotlardan umum biologik va insoniyatning amaliy faoliyati bilan bog’liq muammolarni hal etishda foydalanadi. «Ornitologiya» terminini fanga 16-asr oxirida italyan naturalisti U. Aldrovandi kiritgan. Qushlarga bag’ishlangan birinchi asar «hayvonlar tarixi»ni aristotel (miloddan avvalgi 384-322 yillar) yozgan; u 170 tur qushning tuzilishi va hayotini tasvirlab bergan. O’rta asrlarda Lochinlar yordamida ov qilishga qiziqish ancha kuchayganligi tufayli germaniyalik F. Gogenshtaufenning «qushlar bilan ovlash san’ati haqida» asari dunyoga keldi. Asar qushlar to’g’risidagi bilimlarni birmuncha kengaytirdi. 16-asrdan boshlab qushlarning anatomik tuzilishi, biologik tasnifi, hayot tarziga oid ma’lumotlar to’planib boradi. Shvedtabiatshunosi K. Linney qushlar sistematikasi va fenologiyasini o’rganishga asos soldi. 19-asrda ayrim hududlar faunasini o’rganish, qushlarning sistematikasi, evolyutsiyasi va yer yuzida tarqalish qonuniyatlarini o’rganish sohasidagi ishlar Ornitologiyaning yanada rivojlanishiga olib keldi. 20-asrning birinchi yarmidan boshlab qushlarning ekologik va etologik xususiyatlari, turlararo munosabatlari, migrasiyasi o’rgana boshlandi. 20-asr ning birinchi yarmidan tadqiqotlarning yangi eksperimental va dalada ishlash metodlari ishlab chiqilishi tufayli Ornitologiya sohasidagi tadqiqotlar biosfera va ekologiyaga oid muammolarni ilmiy nuqtai nazardan hal etishda boshqa fanlar orasida mustahkam o’rin egallaydi. Qushlarni o’rganish borasida xalqaro hamkorlikning yo’lga qo’yilishi Ornitologiyaning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 1884 yilda Ornitologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va amaliy ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida xalqaro ornitologlar komiteti tuzildi. Xalqaro mamlakatlar va regionlar miqyosida konfesslar, konferentsiyalar va seminarlar tashkil etila boshlandi. Hozirgi 200 dan ortiq ornigologik jurnallar qushlarning hayoti va tabiat muhofazasiga oid ma’luotlarni berib boradi. Turkiston qushlari to’g’risidagi dastlabki ma’lumotlar 19-asrning 1-choragida paydo bo’la boshlagan. Lekin Ornitologiya sohasidagi fundamental tadqiqotlar faqat 20-asrdan boshlandi. 20-asrning 2-yarmida O’zbekistonda «O’zbekiston faunasi», «O’zbekiston qushlari» kabi yirik monografik asarlar, «qushlar entsiklopediyasi», «Osiyoda qushlar mifatsiyasi» va boshqa bir qancha yirik to’plamlar nashrdan chiqarildi. Respublika ornitologlari xalqaro tashkilotlar va fondlar bilan hamkorlikda biologik xilma-xillikni saqlash, biologik resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida yirik tadqiqotlar olib borishmoqda. Mamlakatda ornitologik tadqiqotlar, asosan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutida va oliy o’quv yurtlari qoshidagi zoologiya kafedralarida olib boriladi. Elmurod Shernazarov.