O’ROQ

O’ROQ — turli boshoqli ekinlar, beda, pichan va o’tlarni o’rish uchun ishlatiladigan qurol. Dastaki (qo’l) va mashina O’roqlari farqlanadi. Dastaki O’roq ilk dehqonchilik va chorvachilik paydo bo’lganidan so’ng rasm bo’lgan. O’rta Osiyoda tarqalgan dastaki O’roq turi 3 qismdan — tig’ (yuqori qismi, uchi ichkariga sal qayrilgan), bo’yin va dasta (metall uchiga yog’ochdan o’rnatiladi) dan iborat. Oy shakliga yaqin tig’li (tig’i arrasimon tishli xili ham ko’p tarqalgan) va dastali O’roq xili ham bor. Tik yurib o’rish uchun ishlatiladigan O’roq chalg’i O’roq, bel O’roq deb ataladi. Bunday O’roq uzun yog’och dastali bo’ladi. O’roq dastlab neolit davrida paydo bo’lgan (yog’och, suyakka tig’li tosh qadab tayyorlangan). Eneolit davrida butunlay toshdan ishlangan. Jez davrida metalldan tayyorlangan, ilk temir davridan boshlab temirdan ishlana boshlagan. O’roq uzoq asrlar mobaynida asosiy qishloq xo’jaligi qurollaridan biri bo’lib keldi. Texnika taraqqiyoti tufayli O’roq. mashinalari paydo bo’ldi. Ammo dastaki O’roq turi hali ham keng ishlatiladi. O’roq mashinasi qishloq xo’jaligi ekinlarini, beda yoki o’tni o’rib, kombaynning ishchi organiga yetkazib berish (kombaynlarda) yoki ularni bog’-bog’ qilib dalaga yoyib ketish (alohida o’t o’rgichlarda) uchun mo’ljallanadi. Asosiy ish organlari: qirqish yoki yulish apparati, motovilo (parraksimon aylanuvchi qism), transportyor. O’roq mashinasi traktorlar, kombaynlar yoki o’ziyurar shassilar bilan agregatlab ishlatiladi. Masalan, «O’zqishloqxo’jalikmashxolding» kompaniyasida ishlab chiqarilgan «Umid» kir 1,5 gramm rusumli o’rish-maydalash mashinasi o’tni o’rib, maydalab va transportga ortib boradi. Bu mashina quvvati 40-70 kVt li traktorlar bilan agregatlanadi.