O’RTA MIYA
O’RTA MIYA (tezepserpakt) — bosh miyaning oraliq miya bilan Varoliy ko’prigi o’rtasida joylashgan bo’lagi. Miya oyoqchalari, to’rt tepalik plastinkasi va oyoqchalar orasida joylashgan miya suv yo’lidan iborat. O’rta miyaning ko’ndalang kesimida 3 qism tafovut qilinadi. 1) tom plastinkasi — to’rt tepalikni o’z ichiga olgan miya suv yo’ligacha bo’lgan qism; 2) tomcha — miya suv yo’li bilan qoramtir moddagacha bo’lgan qism, bu yerda dumaloq shaklli qizil yadro joylashgan; 3) miya oyoqchalarining asosi, u asosan, oq moddadan iborat bo’lib, bosh miyaning po’stlog’idan boshlanuvchi efferent o’tkazuvchi yo’llardan tashkil topgan. Oyoqchalarining miya suv yo’li atrofida III va IV juft bosh miya nervlarining somatik va parasimpatik yadrolari joylashgan. O’rta miya muskullar tonusini tartibga solib, odam muvozanatini saqlash va yurishda faol qatnashadi. O’rta miya jarohatlanganida yoki kasallanganda muskullar kuchli qisqarib, oyoq-qo’llar bukilmay qoladi. To’rt tepalikning ustki do’mboqcha yadrolari ko’zning to’r pardasidan impulslar qabul qilib, kerakli javob yuboradi, ya’ni yorug’lik tomonga boshni burishda qatnashadi. Ko’zga kelayotgan nur yo’nalishiga qarab ko’z qorachig’ining kengayishi yoki torayishini, ko’z gavharining holatini atrof-muhitni aniq ko’rishga (akkomodatsiya) moslashtiradi. To’rt tepalikning pastki do’mboqchalarida joylashgan yadrolar quloqni tovushga nisbatan moslash, boshni tovush tomonga burish kabi holatlarni idora etadi.