O’RTA OSIYODA YER-SUV ISLOHOTI

O’RTA OSIYODA YER-SUV ISLOHOTI — Sovet hokimiyati tomonidan xususiy mulkni tugatish maqsadida O’rta Osiyo va Qozog’iston respublikalarida amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar (1921— 29). O’rta Osiyo yer suv islohoti 2 bosqichda: 1) 1921-22 yillarda Turkiston ASSR va Qozog’iston ASSRda; 2) O’rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o’tkazilgandan so’ng 1925— 29 yillarda amalga oshirilgan. Sovet jamiyati tomonidan o’tkazilgan agrar islohot yangi bosqichining vazifalari RKP(b)MKning 1920 yil 29 iyul qarori, Turkiston Kompartiyasining 5-s’yezdi va Turkiston ASSR sovetlarining 9-s’ezdi (1920 yil sentyabr) qarorlarida belgilab berildi. Bu vazifalarni 3 guruhga bo’lish mumkin: mehnat bilan shug’ullanmaydigan boyquloq xo’jaliklarni tugatish va ko’chmanchi aholini o’troq holatga o’tkazish; katta yer egaligini yo’qotib, yerlarni ersiz va kam yerli dehqonlar, batraklar, chorakorlar o’rtasida mehnat normalari bo’yicha taqsimlash; chor Rossiyasi mustamlakachilik siyosatining ayrim sarqitlarini tugatishga qaratilgan bo’lib, stolipin islohotlari davrida Turkistonga ko’chirilgan kelgindi rus krestyanlari (dehqonlari) tomonidan egallab olingan yerlarni tortib olish. Islohotni amaliy jihatdan ro’yobga chiqarish 1921 yil bahorida boshlanib, dastlab u Yettisuv, Sirdaryo, Farg’ona oblastlari va Qozog’iston ASSRning Oqmo’la, Ural, Semipalatinsk gubernyalarida amalga oshirildi. Islohot favqulodda tartiblar shaklida o’tkazilib, uning asosiy vositasi — ma’muriy tazyiq o’tkazishdan iborat bo’ldi. Vaqf yerlari ham tortib olina boshlandi. Terrorga uchragan islohot qurbonlari qattiq qarshilik ko’rsatdilar. Mintaqaning butun hududi, jumladan O’zbekiston SSRda mulkdor dehqonlarning sovet hokimiyatiga qarshi ko’plab ommaviy g’alayonlari va isyonlari bo’lib o’tib, ayrim holatlarda u qo’zg’olon darajasiga o’sib chiqqan. Islohot qishloqdagi siyosiy vaziyatni jiddiy ravishda keskinlashtirdi. Islohotning 1-bosqichida yer tuzish jamg’armasiga 1 722626 desyatina yer qo’shildi. Ana shu resurslardan mahalliy aholiga faqat 600 000 desyatina yer (o’zbek aholisi uchun atigi 117 512 desyatina yer) ekin ekish va yaylovlar uchun ajratildi. Islohotning 2-bosqichi birinchisidan farqli o’laroq katta yer egaligini (rasmiy hujjatlarda quloqtar — mushtumzo’rlarni) butunlay cheklash va ularni sinf sifatida tugatish masalasini qo’ydi. «Agrar inqilobing strategiya va taktikasi O’zbekiston kompartiyasining 2-s’ezdi (1925 yil noyabr) da tasdiqlandi. Bu bosqich O’zSSR MIKning «Suv va suvni natsionalizasiya qilish to’g’risida» va «Yer-suv islohoti to’g’risida» dekretlari (1925 yil 2 dekabr) va Turkmaniston SSR MIK va XKSning 1925 yil 24 sentyabrdagi qarorlari, Qozog’iston ASSR va XKS ning 1926 yil 20 maydagi qarorlari bilan boshlandi. Mazkur bosqichda ham davlatning butun qudrati «Quloqboy unsurlar»ga qarshi kurashga qaratildi. 1925-29 yillardagi islohot jarayonida shakllangan kam quvvatli xo’jaliklar tortib olingan 474893 desyatina yer fondidan boryo’g’i 10%i olindi, xolos. O’rta Osiyo respublikalarida islohot davrida 6763 ta badavlat odamlar qo’lidagi mulk butunlay musodara qilindi, 37759 ta boyning yerlari keskin kamaytirildi, 415500 desyatina yer 123400 yersiz va kam yerli dehqonlar o’rtasida taqsimlandi. Bu bilan agrar islohot yer-suvni tortib olishni tugallab, qishloq xo’jaligini davlat monopoliyasiga olish uchun moddiy shart-sharoitlar yaratdi. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000: Rajabov Q., Haydarov M ., Turkiston tarixi (1917-1924 yil), T., 2002; Shamsutdinov R., Qishloq fojiasi: jamoalashtirish, quloklashtirish, surgun, T., 2003. Qahramon Rajabov, Soyibjon Tillaboyev.