O’SIMLIK LINIYALARI
O’SIMLIK LINIYALARI (lotincha — ip) — jinsiy yo’l bilan ko’payuvchi, bir gomozigotali o’simlik avlodlari; ular faqat urug’i orqali ko’payadi, barqarorligi ma’lum bir standart navga muvofiq tanlash yo’li bilan saqlab boriladi. O’simlik liniyalari sof, izogen, nasl berish layoqatini tiklovchi, bepushtlikni mustahkamlovchi liniyalarga bo’linadi. Sof liniyalar — o’zidan changlanuvchi gomozigotali o’simliklarning genotipik bir xil nasli. Biror belgiga nisbatan olish mumkin bo’lgan sof liniyalarning soni shu belgilarni nazorat qiluvchi juft genlar soniga bog’liq. Masalan, agar belgini bir juft AA gen nazorat qiladigan bo’lsa, ikkita sof liniya — AA va AA liniyalarini hosil etishi mumkin; agar belgini boshqa yana bir juft gen — Vv ham nazorat qiladigan bo’lsa, u holda to’rtta sof liniya — aavv. aavv, Aavv va aavv liniyalarni olish mumkin, p juft genlar ishtirokida olinishi mumkin bo’lgan sof liniyalar soni 2″ ga teng. Sof liniyalar irsiyati juda barqaror bo’lib, o’zining barcha belgi va xususiyatlarini nasllariga mustahkam o’tkazish va uzoq muddat saqlab qolish layoqatiga ega. Sof liniyalarni birinchi bo’lib daniyalik genetik V.Iogansen o’rgandi. U o’zining «sof liniyalar» nazariyasini yaratib (1903), ularning evolyutsiya va selektsiya uchun ahamiyatini izohlab bergan. Chetdan changlanuvchi bitta o’simlikning bir necha avlodida takrortakror majburan o’zidan changlantirib olinadigan irsiy tabaqalanuvchi nasllari o’zidan changlantirilgan liniyalarni tashkil qiladi. Bunday liniyalar asosan geterozisli duragay urug’lar yetishtirishda ota- ona sifatida foydalanish maqsadida yaratiladi. Izogen liniyalar — allel genlarning bir yoki bir necha jufti tarkibidagi turli allellarni hisobga olmaganda genetik tuzilishi bir xil liniyalar. Bu xil liniyalar to’yintiruvchi qayta chatishtirish yo’li bilan olinib, o’simliklar u yoki bu sifat belgisining xo’jalik-biologik ahamiyatini aniqlash imkonini beradi.