O’SIMLIKLAR SISTEMATIKASI

O’SIMLIKLAR SISTEMATIKASI — botanikaning bo’limi; hozirgi va qirilib ketgan o’simliklarni tavsiflash, ularni har xil darajada taksonlar bo’yicha tasnif qilish bilan shug’ullanadi. O’simliklar sistematikasi uzoq tarixga ega. O’simliklar dastlab ko’zga oson tashlanadigan bir necha belgilariga binoan tasniflangan. Hozirgi O’simliklar sistematikasida o’simliklarning anatomomorfologik belgilari bilan birga ular o’rtasidagi o’zaro qarindoshlik (gomologik) bog’lanishlar hisobga olinadi. O’simliklar sistematikasidagi dastlabki urinishlar bundan 5000 yil avval boshlangan. Yunon faylasufi, tabiatshunos Teofrast (miloddan avvalgi 372 — 287) o’simliklarni 4 guruh: daraxtlar, butalar, chala butalar va o’tlarga bo’lgan. Keyinchalik nemis faylasufi Albert fon Bolshtedt (1193 — 1280) o’simliklarni bir pallali va ikki pallalilarga ajratgan. Uyg’onish davrida italiyalik Andrea Chezalpino (1583) o’simliklarning, asosan, meva va urug’larining tuzilishi asosida birinchi sun’iy tasnifini nashr etdi. 16-asr oxirida K. Baugin turkum (avlod) va tur kategoriyalarini fanga joriy etdi. K.Linney (1735) o’zining changchilar soniga asoslangan sistemasini ishlab chiqdi. Bir qancha kamchiliklari bo’lishiga qaramay, bu sistema amaliy jihatdan faqat mutaxassislarga emas, balki barcha botanikaga qiziquvchilarga qo’l keldi. 19-asrda O.P. Dekandol sistematikasi (1813, 1819) katta ahamiyatga ega bo’ldi. U o’simliklar dunyosini 2 bo’lim (naychali va hujayrali, ya’ni naychasiz o’simliklar)ga ajratadi. Naychalilarga ikki pallali va bir pallali o’simliklar kiritildi. Angliyalik botanic R.Broun (1825) ochiq urug’lilar va yopiq urug’lilarni ko’rsatib berdi. Rus olimi M.A.Maksimovichning «O’simliklar dunyosi sistemalari» kitobida tabiiy sistematikaning nazariy printsiplari bayon etadi. Avstriya botanigi S.Endlixer hamma o’simliklarni 2 guruh (tallofitlar va yuksak o’simliklar)ga ajratgan. Frantsuz botanigi A. Bronyar (1843) sistemasi bo’yicha o’simliklar kriptogam (hammasi urug’siz) va fanerogamlarga ajratildi. Angliyalik botaniklar J.Bentam va J.Xuker (1862-83) Dekandol sistematikasini ancha takomillashtirishdi. Rossiyada o’simliklar filogenetik sistematikasining rivojlanishi, avvalo, B.M.Kozo Polyanskiy va uning shogirdlari ishlari bilan bog’liq. Keyinchalik O’simliklar sistematikasi sohasida bir kancha tadqiqotlar amalga oshirildi (Godenkin, 1937; Bush 1959, 1966; Vinogradov 1958; Komarov, 1954; Ilin, 1936; Popov, 1958; Kamelin, 1973; Svelev, 1976). O’zbekistonda ham bu sohada kata ishlar qilindi (Zokirov, 1955, 1961; Korovin, 1962; Vvedenskiy, 1953, 1955, 1962; Muzaffarov, 1987, 1988; Pratov, 1998 va boshqalar). 6 tomli «O’zbekiston florasi» (1941-1962), 10 tomli O’rta Osiyo o’simliklari aniqlagichi (1968— 1993) kabi to’shgamlar nashr etildi. Hozirgi O’simliklar sistematikasi katta yutuklarga erishilganligiga qaramasdan o’simlik dunyosi uchun ko’pchilikka ma’qul bo’lgan yagona sistematika yaratilmagan. Ad.: Taxtadjan A.L., O sostoyanii i perspektivax razvitiya sistematiki. «Uspexi sovremennoy biologii», M., 1972; Jizn rasteniy, t. 1-6, M., 1974-82.