O’SIMLIKLAR ZARARKUNANDALARI
O’SIMLIKLAR ZARARKUNANDALARI — madaniy o’simliklarni zararlaydigan yoki ularni nobud qiladigan jonivorlar. Umurtqali hayvonlarning sut emizuvchilar sinfi, ayniqsa, kemiruvchilar turkumiga mansub O’simliklar zararkunandalari ko’p. Umurtqasiz hayvonlardan qorinoyoqli mollyuskalarning ayrim turlari, nematodalar sinfidan yumaloq chuvalchanglarning ko’pchiligi o’simliklarni zararlaydi. Bo’g’imoyoqlilardan hasharotlar sinfi, o’rgimchaksimonlar sinfi (kanalar), ko’poyoqlilar sinfining ba’zi turlari hamda qisqichbaqasimonlar (eshakqurt) ga mansub turlituman va juda ko’p O’simliklar zararkunandalari turlari bor. Hasharotlar, ayniqsa, hosilga ko’proq zarar yetkazadi. Ularning 60 mingdan ortiq o’simlikxo’r turi ma’lum, shu jumladan, 4 mingga yaqin turi madaniy o’simliklarga zarar yetkazadi, mahsulotlarni buzadi va hokazolar. Qishloq xo’jaligi uchun zararli hasharotlar sistematik tamoyil (turkumlar bo’yicha) hamda oziqlanish xarakteri bo’yicha tasniflanadi. O’simlikxo’r hasharotlar va kanalar turli oilalarga mansub o’simliklar bilan oziqlanadigan hammaxo’r hasharotlar — polifaglarga; bir oilaga mansub har xil turdagi o’simliklar bilan oziqlanadigan hasharotlar — oligofaglarga; faqat bir turdagi o’simliklar bilan oziqlanadigan hasharotlar — monofaglarga bo’linadi. Turli ekinlar hosiliga hammaxo’r zararkunandalar: chigirtkasimonlar, ba’zi chirildoqlar, qo’ng’izlardan qirsildoq (simqurtlar), qora qo’ng’izlar (soxta simqurtlar) va boshqalar, kapalaklardan kuzgi tunlam, g’o’za tunlami, karadrina va boshqalar katta zarar keltiradi. Bir oilaga mansub har xil turdagi o’simliklar bilan oziqlanadigan hasharotlar ham ko’pchilikni tashkil etadi. Bularga shved pashshasi, Gessen pashshasi va boshqalar kirib, faqat boshoqli o’simliklar bilan oziqlanadi. Karamguldoshlarga mansub o’simliklar bilan oziqlanadigan hasharot turlari ham ko’p. Bularga karam oq kapalagi, karam kuyasi, karam pashshasi va boshqalar kiradi. Faqat bir turdagi o’simliklar bilan oziqlanadigan hasharotlardan filloksera (tokning asosiy zararqunandasi), beda barg filchasi (fitonomus) va boshqalar xavfli zararkunandalardan hisoblanadi. Zararkunanda hasharotlar va kanalar ular zararlaydigan o’simlik guruhlari bo’yicha ham tasniflanadi. Masalan, boshoqlilar zararkunandalari, g’o’za zararkunandalari (200 dan ortiq turi bor), bog’ zararkunandalari, sabzavot ekinlari zararkunandalari va hokazolar. O’simliklar zararlanishining asosiy ikki turi farqlanadi: birinchisi — og’iz organlari kemiruvchi, ikkinchisi sanchibso’ruvchi hasharotlarga xos. Kemiruvchi hasharotlar o’simlikning turli organlarini, to’qimalarini kemiradi. Sanchibso’ruvchi hasharotlar, masalan, o’simlik bitlari, kanalar va boshqalar o’simlik shirasi bilan oziqlanadi. O’simliklar zararkunandalari oziqlanishida o’simlikning ma’lum organlariga o’rgangan bo’ladi. Shuning uchun ham ildiz, poya, barg, meva, gul va boshqalar organlar zararkunandalari guruhlari farklanadi. O’simliklar zararkunandalari tarqalishi va turlar kompleksining shakllanishi tashqi muhitning o’zgaruvchanligi hamda turlarning ekologik moslashuvi bilan uzviy bog’liq. Har bir tur o’zi uchun qulay hududga joylashadi. Hasharot va kanalarning rivojlanishi hamda ko’payishi uchun temperatura sharoiti muhim ahamiyatga ega. Har bir tur uchun ma’lum temperatura rejimi zarur. Sutkalik o’rtacha samarali temperatura yig’indisiga qarab hasharotlarning paydo bo’lishi, rivojlanishi, mavsumda nasl berishini taxminan aniqlash mumkin. O’simliklar zararkunandalarining embrional va postembrional rivojlanishi, odatda, yuqori trada tezlashadi. Masalan, beda barg filchasi 17,6° da 56, 21,2° da 34, 22° da 31 kunda rivojlanadi. Rivojlanishi tuproq bilan bog’liq bo’lgan hasharotlar uchun tuproqning kimyoviy tarkibi, kislotaliligi, aerasiyasi, namligi katta ahamiyatga ega. Agrotexnika tadbirlari (tuproqni ishlash, o’g’it solish va boshqalar) yordamida zararkunanda hasharotlar uchun noqulay sharoit yaratish mumkin. Masalan, nordon tuproqlar ohaklanganda qirsildoq qo’ng’izlar rivojlana olmaydi. O’simliklar zararkunandalarining boshqa hayvon organizmlari bilan o’zaro bog’liqligi ham ularning rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Masalan, o’simlik bitlari o’simlik shirasi bilan oziqlanadi, ular ajratgan shira chumoli, yaydoqchi va ba’zi pashshalar uchun oziq hisoblanadi. O’simlik bitlari bilan yirtqich hasharotlar (qo’ngizlar, vizildoq pashsha lichinkalari va boshqalar), ular bilan turli hasharotxo’r qushlar, bular bilan esa turli yirtqich qushlar oziqlanadi. O’simliklar zararkunandalarining ko’payishida oziqning ko’pligi va tarkibi, ob-havo sharoiti, yirtqichlar, parazitlar, kasalliklar ta’siri va boshqalar muhim rol o’ynaydi. Bir joyda muttasil bir xil ekin ekish (yakka ziroatchilik) shu o’simlik bilan oziqlanadigan zararkunandalarning ko’payib ketishi uchun qulay sharoit yaratadi. Masalan, eski bedapoyalarning o’z vaqtida haydalmasligi ularda beda barg filchasining ko’payib ketishiga sabab bo’lishi mumkin. O’simliklarni zararkunanda hasharotlardan himoya qilishda Fenologik kuzatish muhim ahamiyatga ega. Ad.: Yaxontov V. V ., O’rta Osiyo qishloq xo’jaligi o’simliklari hamda mahsulotlarining zararkunandalari va ularga qarshi kurash, T., 1962; Yaxontov V.V., Ekologiya nasekommx, M., 1964. Sulton Alimuhamedov.