OSIYO-TINCH OKEAN IQTISODIY HAMKORLIGI

OSIYO-TINCH OKEAN IQTISODIY HAMKORLIGI — xalqaro iqtisodiy tashkilot. Osiyo-Tinch okeanning 12 davlati — Avstraliya, Bruney, Indoneziya, AQSH, Kanada, Malayziya, Tailand, Singapur, Filippin, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Yangi Zelandiya tashqi ishlar va savdo vazirlarining Kanberra shahrida (Avstraliya) bo’lib o’tgan birinchi konferensiyasida asos solingan (1989-yil noyabr.). Tashkilotning asosiy maqsadi Osiyo-Tinch okean mintaqasida ochiq va erkin savdo hamda investisiyalar uchun sharoit yaratib berish, atrof muhitni muhofaza qilish yuzasidan kuch-g’ayratlarni muvofiqlashtirish. Bunda umuman mintaqada, xususan, tashkilot doirasida integratsiya jarayonlariga muhim e‘tibor beriladi.