Osteoxondroz

Osteoxondroz (osteo… va Yunoncha chondros — Tog’ay) — umurtqalarni birlashtiruvchi Tog’ay-pay qismining degenerativ trofik va funktsional o’zgarishi natijasida kelib chikadigan kasallik. Odatda, umurtqa pog’onasining bo’yindan yoki beldan pastki, ko’krakdan yuqori qismlari zararlanadi. Moddalar almashinuvining buzilishi, turli shikastlanishlar, og’ir zo’riqishlar va boshqa sabab bo’lishi mumkin. Umurtqa pog’onasining faoliyati funktsional jihatdan faqat bog’lovchi Tog’ay-pay apparatlariga emas, balki ushlab turuvchi tana va umurtqa muskullari, qon hamda nerv tomirlari, orqa miya pardalariga ham bog’liq. Umurtqaning egiluvchanligi, elastikligi, harakatchanligi, jismoniy zo’riqishlarga chidamliligini umurtqalararo disklar ta’minlaydi. Bu diskni qoplab turgan Tog’ay va pay elementlari umurtqalarni bir-biriga bog’lab turadi va bir butun umurtqa ustunini hosil qiladi. Disk va uning atrofidagi pay-Tog’ay bog’lovchi elementlardagi o’zgarishlarga revmatizm, shikastlanishlar, immunitetning susayishi va irsiy omillar sabab bo’lishi mumkin. Osteoxondroz ko’proq bo’yin va bel disklarida uchraydi. Diskda kuzatiladigan degenerativ o’zgarishlar asosida murakkab biokimyoviy jarayonlar yotadi. Turli shikastlanishlar ta’sirida diskning asosiy moddasi depolimerizatsiyaga uchrab, hujayralarni jarohatlaydi va o’zgartiradi. Natijada asosiy modda nordon mukopolisaxaridlarning ko’payishiga olib keladi, u esa diskning Tog’ay va pay to’qimalarini asta-sekin yumshatib, fibroz halqalarda yoriqchalar hosil qiladi va diskning germetik holatini buzadi, distrofik va degenerativ jarayonlar rivojlanadi. Osteoxondroz 2 bosqichda o’tadi: 1) xondroz davri. Bunda umurtqalararo disk yadrosini o’rab turgan bog’lovchi fibroz halqa va boshqa elementlarda o’zgarish boshlanadi, lekin disk og’riqni sezmaganligi uchun bu davrda bemorda klinik belgilar kuzatilmaydi; 2) Osteoxondroz davri. Bunda boshlangan degenerativ o’zgarishlar disk va umurtqaning suyak qismiga o’tadi, chegaralangan «berkituvchi» plastinkalar yirtilib, germetikligi yo’qoladi; qon tomirlar va nerv tolalari disk ichiga o’tib, og’riq beradi. Distrofik jarayon disk atrofidagi umurtqa bo’g’imlarida, kalta-uzun paylarda ham rivojlana boradi va umurtqalar orasini toraytirib qo’yadi, umurtqa «o’tirib» qoladi. Kasallik belgilari degenerativ diskning joylashishiga bog’liq. Agar bo’yin sohasida bo’lsa, shu sohaga aloqador a’zolar faoliyatida o’zgarishlar, kasalliklar va sindromlar kuzatiladi. Bo’yin ostexondrozi ekstrakranial (tashqi nerv ildizlari sindromlari), intrakranial (ichki va tashqi shikastlanishlar, qon yetishmovchiligi), vertebral (vertebral yetishmovchilik) xillari bor. Ko’krak qismidagi Osteoxondroz belgilari, asosan, nerv ildizlarining sindromlari bilan ifodalanadi. Bel umurtqasi osteoxondrozi ko’proq uchraydi, chunki kishi biror bir meh-nat qilganda ma’lum bir jismoniy kuch talab etadi va bu o’z-o’zidan belni zo’riqtiradi. Bel Osteoxondrozining quyidagi turlari ajratiladi: 1) ildizli — reflektor sindrom (lyumbago, ishias va boshqalar); 2) umurtqa disk churrasi, unda turli kompression mielopatiyalar kuzatiladi; 3) disk atrofidagi ildiz qon tomir va bo’g’imlar bilan birga kuzatiladigan sindromlar; 4) chanoq suyaklari paylari va dumg’aza bilan birga uchraydigan sindromlar (sakroileit, sakralizatsiya, koktsigodiniya). Osteoxondrozning barcha xilida og’riq bo’ladi, bu kasallikning qaysi bosqichda ekanligiga bog’liq. Davo, asosan, konservativ, og’riq qoldiruvchi dorilar buyuriladi. Osteoxondrozning disk churrasi stabil falajni keltirib chiqarsa, operasiya qilinadi. Gulchehra Dadaxonova.