O’T HAYDOVCHI DORILAR
O’T HAYDOVCHI DORILAR — o’t pufagidan o’tning o’n ikki barmoq ichakka tushishini tezlashtiradigan, jigar hujayralarida o’t hosil bo’lishini kuchaytiradigan sintetik yoki o’simlik moddalari. O’ta haydovchi dorilar o’t hosil bo’lish jarayoniga bevosita va neyrogumoral regulyatsiya sistemasi orqali ta’sir etadi. Mineral suvlar, nordon suyuqliklar ichilganda, me’da shilliq qavati mexanik ta’sirlanganda va ichakka o’t yoki o’t kislotalar tushganda o’t hosil bo’lishi tezlashadi. O’t kislotalar (xologon, dexolin) va tabiiy o’t (alloxol, xolenzim) preparatlari ta’sirida ham o’t hosil bo’lishi kuchayadi. Ayrim o’simlik moddalari: na’matak mevasining ekstrakti (xolosas), makkajo’xori popugi ekstrakti yoki damlamasi, bo’znoch gulining qaynatmasi yoki damlamasi o’t haydaydi. O’ta haydovchi dorilar jigar va o’t pufagining surunkali yallig’lanishi (xolesistit, xolesistogepatit) va o’t toshkasalliklarida qo’llaniladi.