O’TA ASOSLI TOG’ JINSLARI

O’TA ASOSLI TOG’ JINSLARI, ultrabazitlar, giperbazitlar — tarkibida dala shpati bo’lmagan, kremnezyom kam, magniy va temir ko’p bo’lgan magmatik tog’jinslari. O’ta asosli tog jinslarida olivin va piroksenlar asosiy jins hosil qiluvchi minerallardir. Bu jinslar yuqori mantiyadan chiqib kelayotgan magmaning kristallanishi natijasida hosil bo’ladi. O’ta asosli tog jinslarining qattiq holatdagi jismlari Yer po’stining chuqur gorizontlaridan siqib chiqarilishi mumkin. Metamorfizm ta’sirida ular serpentinit, Amfibolit va slaneslarga aylanadi. O’ta asosli tog jinslari ofiolitli mintaqalarni tashkil qiladi hamda okean tipidagi yer po’stining tarkibiga kiradi. O’ta asosli tog jinslari Ural, Kola yarim oroli, Sibir, Ukraina, Kavkaz va Qozog’istonda tarqalgan. Ular bilan nikel, kobalt, xromit, platina rudalari, talk, magnezit va asbest konlari bog’liq.