O’TA CHUQUR BURG’ILASH

O’TA CHUQUR BURG’ILASH — katta chuqurlikdagi foydali qazilma konlarini izlash, yer qa’ridagi tog’ jinslarining geologik-fizik parametrlarini, mineral xom ashyoning hosil bo’lish va joylanish qonuniyatlarini o’rganish maqsadida Yer qa’rining o’ta chuqur qismida olib boriladigan burg’ilash jarayoni. Dunyo bo’yicha eng chuqur quduq Kola yarim orolida 12066 metr chuqurlikda qazilgan (1984). AQShda qazilgan o’ta chuqur quduq 9583 metr bo’lgan (1974). 20-asrning 60-yillaridan boshlab chuqurligi 6000 metrdan ortiq quduqlar, o’ta chuqur quduqlar sirasiga kiritila boshladi. D.I.Shcherbakov O’ta chuqur burg’ilash asoschilaridan biri hisoblanadi. O’zbekistonda eng chuqur quduq (Mingbuloq konida) 6330 metr, Qozog’istonda (Orolsor qudug’i) 8000 metr qazilgan.