O’TLOQI — BOTQOQI TUPROQLAR

O’TLOQI — BOTQOQI TUPROQLAR — grunt suvlar chuqurligi 1 metrgacha bo’lgan sharoitda rivojlanadigan tuproq tipi. O’tloqi-botqoqi tuproqlar yaxshi strukturali, chirindiga boy chim qatlamli o’tloqi tuproqlar hamda botqoqi tuproqlar gleylanish belgilariga ega. O’tloqi-botqoqi tuproqlar bo’z tuproq va cho’l zonasidagi Daryo quyi terrasalari hamda Delta qismi allyuvial yotqiziqlari ustida shakllanadi. Prolyuvial yotqiziqlardagi o’tloqi tuproqlarning ayrim pastqamliklarini egallagan. Sug’orma dehqonchilik zonalaridagi O’tloqi-botqoqi tuproqlar qisman o’zlashtirilib sholi, quritilganidan keyin esa boshqa ekinlar ekiladi. O’tloqi-botqoqi tuproqlarning juda namligi, chirindiga boyligi tufayli ekinlar g’ovlab ketadi, natijada hosil etilishi kechikadi. O’tloqi-botqoqi tuproqlar unumdorligini oshirish uchun ularni quritish, haydalma qatlam chuqurligini gleyli qatlam hisobiga asta-sekin oshirish, sifatli ishlov berish lozim. Sho’rlangan O’tloqi-botqoqi tuproqlarni katta normada yuvish talab qilinadi.