O’TOV

O’TOV — ko’chma uy, turar joy; ko’chmanchi, yarim ko’chmanchi xalqlarning asosiy turar joyi. Yengil xom ashyo (asosan, yog’och)lardan konussimon shaklda yasaladi: aylana shakldagi panjara devor va tepa qismdan iborat bo’lib, ustidan kigiz bilan yopiladi; shuning uchun «uy», «kigiz uy» deb ataladi. O’tovning o’rtasida o’choq joylashadi, ichi o’ziga xos tarzda qismlar (ayollar qismi, erkaklar qismi va boshqalar)ga bo’linadi. Tuzilishi jihatidan bir xil bo’lgan O’tov tashqi ko’rinishi (bezaklari), pastbalandligi, katta-kichikligi bilan farqlanadi. «O’tov»so’zi, ko’pincha yangi oq kigiz bilan qoplangan, kelinchaklarga atab qurilgan uylarga nisbatan ishlatilgan; yangi kigiz ustidan oq mato qoplangan, oq arqonlar bilan tortib bezatilgan. Bundan hashamatli O’tov «oq uy» deb ataladi. Oddiy O’tovlar, ko’pincha xo’jaliklar ehtiyoji uchun tiklangan O’tovlar «qora uy» deyiladi. Tarixiy yozma manbalarda O’tov O’rta Osiyo va Janubiy Sibirda yashagan xalqlarda qadimdan mavjudligi, hatto o’rta asrlarda to’rt g’ildirakli katta aravalarga O’tov tikib foydalanilgani qayd etilgan. O’tov 20-asr boshlarigacha Markaziy Osiyo va O’rta Osiyo, Janubiy Sibir, shuningdek, mo’g’ullar va boshqalar bir qancha xalqlarda mavjud bo’lgan. Xalqlarning o’troqlashishi natijasida O’tov o’z ahamiyatini qisman yo’qotgan; qulay boshpana sifatida asosan cho’ponlar undan foydalanadi. Solnomalarda «oq uy»larning har xil turlari (Sarparda, sarqal’a va boshqalar) bo’lganligi qayd etilgan.