O’TROR

O’TROR, Turarband, Tarband, O’trortepa — qadimiy shahar xarobasi (miloddan avvalgi 1-asr — milodiy 16-asr). Janubiy Qozog’istondagi Aris daryosining Sirdaryoga quyilish joyida. O’tror 3 qism (Ark, Shahriston, rabod)dan iborat bo’lib, Burjlar bilan mustahkamlangan mudofaa devori va xandaqlar bilan o’ralgan. O’trordan ko’chalar, hammom, turar joy binolari qoldiqlari, uyro’zg’or, zargarlik buyumlari, kamon o’qlari va boshqalar topilgan. Mo’g’ullar istilosiga qadar Xorazmshohlar davlatining savdo va hunarmandchilik shaharlaridan biri bo’lgan. O’tror mudofaasidan so’ng mo’g’ullar tomonidan vayron qilingan. Oq O’rda xonlari uni 14-asr da tiklaganlar. Bu davrda masjid, madrasa, xonaqoh qurilgan. Amir Temur va Temuriylar davrida muhim harbiy shahar, qal’a bo’lgan. Bu davrda Yevropadan Osiyoga boradigan yangi savdo yo’li vujudga kelgan; u Volga sohillaridan Uraldagi Saroychik shahri orqali ko’hna Urganch, O’tror va Olmaliqqa borgan. Bu yo’ldan musulmon savdogarlari ham, yevropalik tijoratchilar ham foydalanishgan. O’trordan ko’plab allomalar yetishib chiqqan; shahar obodligi, chiroyi bilan nom chiqargan. 16-asrdagi o’zaro ichki nizolar paytida huvillab qolgan.