Ouken qonuni

Ouken qonuni — qisqa muddatli ishsizlik darajasining o’sishi bilan ishlab chiqarish hajmidagi yo’qotishlar o’rtasidagi bog’liqni ifodalaydigan qonun. Amerikalik iqtisodchi Artur Ouken (1929— 1979) aniqlangan. Bu qonunga ko’ra, yalpi milliy mahsulotning yillik o’sishi 2,5%ni tashkil etganda ishsizlik darajasi amalda doimiy bo’lib qoladi. Ishsizlik darajasidagi o’zgarishlarga qarab yalpi milliy mahsulot Real hajmining potentsial hajmiga nisbati o’zgarishlari (elastikligi) doimiy va taxminan 3% ga teng. Masalan, ishsizlikning 1% ga o’sishi Real ishlab chiqarish hajmida 3% ga teng qisqarishga olib keladi yoki aksincha. Shu sababli mamlakatda ishsizlikni tabiiy darajasida saqlash va tartibga solib turish muhim ahamiyatga ega. Muayyan milliy iqtisodiyot barcha ishlashni xohlovchilarga va mehnatga layoqatli fuqarolarga yangi ish joylarini yaratib bera olmas ekan, bu iqtisodiyot tovar va xizmatlar ishlab chiqarish potentsialini to’liq ishga sola olmaydi. Ouken qonuni dunyodagi deyarli barcha mamlakatlar iqtisodiyotidagi ishsizlik muammolarini tartibga solishda katta ahamiyatga ega. Muhammadjon Nig’matov.