OVMINZATOV

OVMINZATOV — Markaziy Qizilqumdagi past tog’lardan biri. Navoiy viloyati hududida g’arbdan sharqqa 30 kilometr cho’zilgan. O’rtacha balandligi 300-500 metr, eng baland joyi 694 metr (Sharqiy qismida). Shimoliy-g’arbiy qismidan gumbazsimon Shakitov tarmog’i ajralib chiqqan. Ovminzatov tektonik jihatdan gorst — anti-klinal bo’lib, Turon plitasi poydevorining yer yuziga chiqib qolgan qismidir. Uning baland joylari paleozoy davri metamorfik, otqindi va cho’kindi tog’ jinslari (slanes, Konglomerat, qumtosh, granit, granodiorit, diorit va boshqalar) dan tashkil topgan. Yon bag’irlarining quyi qismi va etaklarida bo’r, paleogen, neogen va to’rtlamchi davrlarga mansub cho’kindi tog’ jinslari (konglomerat, qumtosh, gravelit, alevrolit, gil, mergel, qumlar) tarqalgan. Cho’l iqlimi sharoitida bular nurash jarayonlar ta’sirida kuchli yemirilgan elyuviy va delyuviy yotqiziqlari hosil qilgan. Ovminzatov asimmetrik tuzilishga ega. Shimol yon bag’ri tikroq, Janub yon bag’ri esa qiyaroq, quruq soylar va jarliklar bilan kesilgan. Quruq soylarning quyi qismlarida kichik yoyilma konuslar Vu-judga kelgan, ular bir-biri bilan tutashib prolyuvial shleyflarni hosil qilgan. Shleyflar yuzasida har xil shakldagi qum uyumlari tarqalgan. Ovminzatovning etaklarida qo’ngir-bo’z, qumli cho’l tuproqlar tarqalgan. Ularda shuvoq, boyalich, arpag’on, saksovul, quruq soylar bo’ylarida yulg’un va boshqalar o’sadi. Hayvonlardan qo’shoyoq, tulki, bo’ri, yumronqoziq, kaltakesak, turli ilonlar va boshqalar uchraydi. Tog’ etaklaridagi yerlardan yaylov sifatida foydalaniladi.