Ovoz

Ovoz — 1) ovoz a’zolari yordamida chiqariladigan, balandligi, kuchi va tembri har xil bo’lgan tovush (odam va o’pkadan nafas oluvchi hayvonlarda). Ovoz hiqildoqda xrsil bo’ladi: o’pkadan chiqayotgan havo oqimi, bir-biriga tegib turgan Ovoz boylamlari oralig’idan o’tib uni tebratadi, natijada nozikkina Ovoz hosil bo’ladi, so’ngra buni yuqori rezonatorlar (og’iz bo’shlig’i, halqum, burun va yondosh bo’shliqlari) kuchaytirib berib, Ovoz o’ziga xos ohang (tembr) oladi. O’pkadan chiqayotgan havo oqimining kuchiga, jips turgan Ovoz boylamlarining ko’rsatayotgan qarshiligi va ularning tebranish amplitudasiga qarab, Ovoz kuchli yoki kuchsiz, shuningdek, tebranishining uzunligi va chastotasiga qarab baland yoki past bo’lishi mumkin. Ovoz paydo bo’lishida ishtirok etadigan a’zolarning hammasi sog’lom bo’lsa, Ovoz yengil va bemalol eshitiladi. Turli kasalliklar, xususan, hiqildoq, burun- halqum yoki burun kasalliklarida Ovoz o’zgaradi, ba’zan manqa bo’lib qoladi. Yurak, bronxlar, Markaziy nerv sistemasi kasalliklari va yuqumli kasalliklarda ham Ovoz o’zgarishi mumkin. Ovoz ko’pincha, sovqotish, angina, yuqori nafas yo’llari yallig’lanishi, laringit, traxeit va bronxitdan keyin o’zgaradi. Hadeb baqirib gapiraverish ham Ovoz buzilishiga sabab bo’ladi. Chekish va ichkilikka ruju qilish, shuningdek, tish yo’qligi yoki yasama tishning noto’g’ri qo’yilganligi va boshqalar ham Ovoz «sifati»ga ta’sir etadi. Odatda, yoshlarda o’tish davrida bo’ladigan ovoz o’zgarishida alohida ehtiyot choralariga rioya qilish zarur. Ovozni asrashda eng muhimi organizmni chiniqtirishdir. Ovoz o’zgarganda, albatta, mutaxassis vrachga murojaat etish lozim; 2) musiqada — odamning aniq balandlik va uzoq sadolanishga ega tovushi; ko’p ovozli musiqa asarining muayyan kuy yo’li; partituradan alohida ko’chirib yoziladigan xor yoki orkestr guruhi ijro yo’li.