Ovqat hazm qilish

Ovqat hazm qilish — odam va hayvonlar organizmida ovqatning mexanik va kimyoviy qayta ishlanish jarayoni, bunda oziq moddalar so’rilib hazm bo’ladi, parchalanish mahsulotlari va hazm bo’lmay qolgan moddalar esa organizmdan chiqariladi. Ovqat hazm qilish natijasida murakkab kimyoviy moddalar organizm oson o’zlashtira oladigan oddiy moddalarga aylanadi. Ovqat hazm qilishning hujayra ichida va hujayradan tashqarida sodir bo’ladigan xillari bor. Hujayra ichida Ovqat hazm qilish (Im.Mechnikov kashf etgan) bir hujayralilar, ayrim tuban ko’p hujayralilar (g’ovaktanlilar), yuksak ko’p hujayralilarning ayrim hujayralari (leykositlar, mononuklear fagositlar va boshqalar) uchun xos. Bu jarayonda hujayra oziq moddalarni faol yutib, tsitoplazma fermentlar yordamida Ovqat hazm qilish vakuolalari ichida parchalaydi. Hujayra tashqarisida Ovqat hazm qilish odam va ko’pchilik hayvonlar uchun xos bo’lib, asosan, Ovqat hazm qilish sistemasi bo’shlig’ida sodir bo’ladi. Hujayra tashqarisida Ovqat hazm qilish membranada, ya’ni ichak devorida va ichak bo’shlig’ida ro’y beradi, membranada Ovqat hazm qilish odamlar, barcha umurtqalilar va ko’pchilik umurtqasizlar uchun xos bo’lib, ichak vorsinkalari hujayralari membranasida joylashgan fermentlar yordamida amalga oshiriladi. Hujayradan tashqari (bo’shliqlarda), hujayra ichida va hujayra membranasida (hujayra tashqarisi bilan hujayra ichi o’rtasidagi chegarada) Ovqat hazm qilish farq qilinadi. Aksariyat xdyvonlarda 2 xil (hujayra ichida va hujayra tashqarisida) Ovqat hazm qilish bir-birini to’ldiradi. Ko’pchilik umurtqali hayvonlar va odamda Ovqat hazm qilish og’iz bo’shlig’idan boshlanadi. Bu yerda ovqat chaynalib maydalanadi, so’lak bilan aralashtiriladi va xo’llanib, oziq luqmasi hosil bo’ladi. Asosiy Ovqat hazm qilish suyuqliklar (so’lak, me’da, me’da osti bezi va ichak shirasi, safro) fermentlari ta’sirida ovqat kimyoviy ishlanadi. Ayrim hayvonlarda so’lak tarkibidagi fermentlar (odamda amilaza) ta’sirida ovqat tarkibidagi uglevodlar parchalanadi. Ovqat yutilib, tomoq va qizilo’ngach orqali me’daga tushadi. Me’dada ovqatning maydalanishi va uglevodlarning parchalanishi davom etadi; proteolitik fermentlar ta’sirida oqsillarning parchalanishi boshlanadi. Ayrim hayvonlar va qushlarda oziq me’da (oshqozon)ga tushishdan oldin jig’ildonda yig’iladi. Yaxshi ezilgan va qisman hazm bo’lgan oziq oshqozondan oz-ozdan ingichka ichakka o’tadi. Ingichka ichakdagi Ovqat hazm qilish jarayonida oziq modsalar oshqozon osti bezi va ichak shirasi hamda o’t suyuqligi ishtirokida hujayradan tashqarida, ya’ni vorsinkalar membranasida parchalanib, hazm qilish va so’rilish tugallanadi. Yo’g’on ichakda ingichka ichak fermentlari, yo’g’on ichakning o’zi va bakteriyalar ishlab chiqadadigan fermentlar ta’sirida uglevodlar bijg’iydi, oqsillar chiriydi; suv va unda erigan moddalar qonga shimilib, axlat massasi shakllanadi. Yo’g’on ichakda axlatning to’planishi defekatsiyaga olib keladi. Ovqat hazm qilish neyrogumoral regulyasiya orqali amalga oshadi. Ovqat hazm qilishga ovqat yeyiladigan sharoit, ovqatning ko’rinishi, miqdori, tarkibi va boshqa omillar ta’sir qiladi. Ovqat hazm qilish fiziologiyasini ishlab chiqishda rus olimi N.P.Pavlov va uning shogirdlari katta hissa qo’shgan. O’rgimchaklar va kavsh qaytaruvchilarda Ovqat hazm qilish o’ziga xos xususiyatga ega.