Ovqat hazm qilish sistemasi
Ovqat hazm qilish sistemasi — odam va hayvonlar organizmida oziq-moddalarning qayta ishlanishi va hazm bo’lishini ta’minlaydigan organlar majmui. Ko’pchilik bir hujayralilar (masalan, amyoba)da Ovqat hazm qilish sistemasi funktsiyasini ovqat hazm qilish vakuollari bajaradi. Bundan tashqari, ayrim bir hujayralilar (masalan, Tufelka)da oziq kiradigan (og’iz, halqum) va oziq qoldiqlari chiqadigan maxsus teshikchalar ham bo’ladi. Tuban ko’p hujayralilar (masalan, g’ovaktanlilar, bo’shliqichlilar, ichaksiz turbellariyalar)da oziq maxsus hujayralar ichida hazm bo’ladi. Umurtqasiz hayvonlar Ovqat hazm qilish sistemasi juda xilma-xil. Eng oddiy tuzilgan hayvonlar (bo’shliqichlilar, taroqlilar) Ovqat hazm qilish sistemasi og’iz teshigi bilan boshlanadigan va shu teshik bilan tamom bo’ladigan gastral bo’shliqdan iborat. Ko’pchilik hayvonlar (nemertinalar, to’garak chuvalchanglar, mollyuskalar, halqali chuvalchanglar, bo’g’imoyoqlilar) da — Ovqat hazm qilish sistemasi oldingi, o’rta va orqa bo’limlardan tashkil topgan bo’lib, og’iz va anal. Teshik orqali tashqi muhit bilan bog’langan. Odam va umurtqali hayvonlar Ovqat hazm qilish sistemasining tuzilishi oziqlanish xususiyati va sharoitiga bog’liq. Ovqat hazm qilish sistemasi nayining oldingi qismi ixtisoslashib, og’iz bo’shlig’i, halqum va qizilo’ngachni hosil qiladi. Og’iz bo’shlig’ida jag’lar, tishlar, shilimshiq va so’lak bezlari, til va boshqalar joylashadi. Ovqat hazm qilish sistemasining o’rta qismi hisobidan oshqozon, ingichka ichak, jigar, oshqozon osti bezi vujudga keladi. Ovqat hazm qilish nayining keyingi qismi yo’g’on ichak, to’g’ri ichak va anal teshikdan iborat. Qizilo’ngach, oshqozon, ingichka ichak va yo’g’on ichak birgalikda ovqat hazm qilish nayini hosil qiladi; uning devori shilimshiq, seroz va muskul qavatlaridan tashkil topgan. Evolyutsiya jarayonida hayvonlar tanasining yiriklashuvi tufayli bilan ovqat hazm qilish nayi shilimshiq qavati yuzasi har xil yo’l bilan (ichakning uzayib sirtmoq hrsil qilishi, burmalar paydo bo’lishi, shilimshiq qavat vorsinkalarining rivojlanishi, epiteliyning ichak devoriga yoki ichak bo’shlig’iga botib kirishi orqali) kengayib borgan. Ana shu tariqa juda ko’p sonli mayda (ichak devori) yoki yirik (jigar, oshqozon osti) bezlar hosil bo’lgan. Ovqat hazm qilish nayi shilimshiq qavati ostida himoya funktsiyasini bajaradigan limfoid follikulalar joylashgan. Ovqat hazm qilish sistemasi qon va limfa tomirlari bilan ta’minlangan. Ovqat hazm qilish sistemasining funktsional faoliyati murakkab neyrogumoral va gormonal mexanizmlar orqali boshqariladi. Bu jarayonda Ovqat hazm qilish sistemasining o’z gormonlari asosiy ahamiyatga ega.