Oxunjon Hakimov (1934-2020)
Oxunjon Hakimov 1934 yilning 20 fevralida Farg‘onaning Log‘on qishlog‘ida dunyoga kelgan. O‘zbekiston xalq shoiri (2006). Farg‘ona davlat pedagogika institutini tugatgan. «Kommuna» nomli viloyat, «Sovet O‘zbekistoni» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») respublika gazetalarida, «Mehnat va turmush» jurnalida faoliyat ko‘rsatgan.
«Dostonlar» (1970), «Ko‘llarim ko‘ksimda» (1976), «Tafakkur boqiy» (1982), «Vatan qasidasi» (1984), «O‘shal kun kelur» (1990), «Ko‘zlaringni o‘zi qaro» (1992), «Qizlar xayol sursalar» (1995), «Muhabbatni ko‘zlardan izlang» (1996), «Malaklar surati» (2004), «Dunyo, dunyo…» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Nasriy asarlari ham bor («Bahor hidi», 1971; «Burgut hamlasi», 1972). «Qo‘sh kabutarlar» (2001), «Baqiroq tuyaning tushlari» (2003), «Bu chollar yomon chollar» (2004) kabi pesalari respublika teatrlarida sahnalashtirilgan.
Oxunjon Hakimovning hazil-mutoyibalari ham ajoyib. Ularda o‘sha vodiy qiziqchiligi, askiyachiligi an’analari yangidan tug‘ilgan, jonlanganday bo‘ladi. Bu jihatdan shoirning «Yashasin, dovdirlar», «Yasha, so‘rg‘ich», «Qatiqxo‘r», «Qadr», «Xotinimning muovini» kabi hikoyalari e’tiborga loyiqdir.
Shoir yaratgan «Qo‘llarim ko‘ksingda», «Tafakkur boqiy», «O‘shal kun kelur» kabi dostonlar ham kitobxon tomonidan iliq qarshi olingan.
«El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan (1998). 2006 yilda «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni berilgan.