«Oydin tun sonatasi» kimga bag’ishlangan?
Sizlardan aksariyatingiz ulug’ kompozitor Betxovenning «Oydin tun sonatasi»ni — dunyo musiqa san’atining qimmatbaho marvaridlaridan birini bilasiz va xush tutasiz. Biz bu musiqani necha marotaba tinglamaylik, u o’zining latifligi bilan kunglimizni zabt etadi va o’zida ifodalangan tuyg’ular bilan ich-ichdan hayajonga soladi. «Oydin tun sonatasi»ning hayratangiz ta’sirini butun vujud bilan his etish uchun, albatta, u qanday hayotiy vaziyatlarda bastalanganini, shuningdek Betxoven uni «Sonata-fantaziya» deb ataganini, uning raqami — 14 ekanligini, «Oydin tun sonatasi» nomi esa kompozitor vafotidan keyin shoir Lyudvig Relshbat tomonidan o’ylab topilganini bilish majburiy emas. Va baribir, agar siz uning yaratilishi tarixini qisqacha bo’lsa-da bilib olsangiz, unda muqarrar bu musiqani tamomila boshqa bir tarzda tinglaydigan bo’lasiz. Tarixi esa mana bunday. Ulug’ olmon kompozitori Lyudvig van Betxoven o’ttiz yoshidayoq bedavo xastaligi fojeali yakunga — tamomila kar bo’lib qolishga olib kelishini tushunib yetadi. Bu, kompozitor nazdida nechog’li qo’rqinchli zarba ekanligi haqida so’zlash ortiqchadek tuyuladi. Va aynan o’sha kezlarda unda ulug’ muhabbat uyg’onadi. Betxoven o’zining maftunkor o’quvchisi Juletta Gvichchardiga uylanishni orzu qilar edi. Sevgi saodati og’ir xastalikni yengishga madad bermagidan umidvor kompozitor o’z shifokoriga shunday yozadi: «U meni sevadi, men ham uni sevaman. Bu, so’nggi ikki yildagi Munir daqiqalardir». Xo’sh, Julyetta Gvichchardi-chi? Aslzodalar xonadonida tarbiyalangan qiz o’zining o’ta dongdor, ammo nasabiga ko’ra butkul nomi chiqmagan, bu yetmagandek kar bo’lib borayotgan daho ustozi bilan qola olmasdi… Julyetta ulug’ kompozitorga qo’rqinchli zarba berganicha graf Gallenbergga turmushga chiqadi. Betxoven nafaqat musiqa bobida daho, qolaversa ulkan irodaga, qudratli ruhga va teran tuyg’ularga sohib buyuk bir shaxs ham edi. «Oydin tun sonatasi» uning uchun qiyin damlarda bastalangan. Musiqa asarining asl nomi — «Sonata-fantaziya» ostiga Betxoven: «grafinya Juletta Gvichchardiga bag’ishlanadi», deb yozib qo’ygan edi. Endi, o’sha musiqani eslashga urinib ko’ringchi. Uni butun borligingiz va qalbingiz bilan his etishga ham havas tug’ildimi sizda? Va siz uning birinchi sho’basida shunaqangi bir dardfig’onni tuyasizki, bunaqasini ilgari hech qachon tinglamagansiz; ikkinchi sho’basida — shunaqangi yorug’ va ma’yus tabassumni ilg’aysiz; yakunida esa — azob va qayg’u changalidan xalos bo’lmoqqa shunaqangi bir intilishni his etasizki, faqat u faqat Betxovenning o’zigina dohiyona so’zlarni ayta olishi mumkin edi: «Taqdir yoqasidan mahkam tutadirman men, meni butkul yengmoq kelmas qo’lidan uning». Hayot naqadar g’aroyib! Mabodo uni abadiyatga mansub eta olgan Betxoven bo’lmaganida, Venada qachonlardir umrguzaronlik qilgan allaqaysi grafinya haqida kim ham bilar edi deysiz. Endilikda Betxovenning fortepyano uchun 14-sonatasi notalarini varaqlar ekanmiz, shunday yozuvga ko’zimiz tushadi: «grafinya Juletta Gvichchardiga bag’ishlanadi”.