O’YIN
O’YIN — tarbiyalash va hordiq chiqarish vositalaridan biri. O’yin insoniyatning butun tarixi mobaynida diniy marosim, sport, harbiy va boshqalar mashqlar, shuningdek, san’at, ayniqsa uning ijro shakllari bilan qo’shilib kelgan. Ma’lumki, inson o’z hayotida o’yin, o’qish, mehnat, dam olish kabi mashg’ulotlar bilan band bo’ladi. Inson hayotining dastlabki davrlarida O’yin asosiy faoliyat hisoblanadi, keyin esa u o’qish bilan baravar davom etadi, undan so’ng esa O’yin kamayib, uning o’rnini o’qish va mehnat egallaydi. Odamzod tarixining dastlabki davrlarida O’yinlar hayotda muhim o’rin tutgan. O’yinlar yordamida insoniyat o’sgan, ulg’aygan, chiniqqan, jismonan baquvvat bo’lgan, aqlan, ruhan rivojlangan, ma’naviy kamol topgan. O’zbek xalqi orasida milliy O’yinlarning quyidagi turlari keng tarqalgan: 1) tabiiy-mavsumiy O’yinlar («Yomg’ir yog’aloq»; «Oq terakmi — ko’k terak», «Uloq» va boshqalar); 2) hududiy va turli joylarga mos O’yinlar (masalan, uyda boshqotirma va so’z o’yinlari; hovlida — «Tosh O’yin», «Arqon O’yin»; bog’da — yong’oq, danak O’yinlari, «Quvlashmachoq» va boshqalar); 3) turli yosh va jinslarga xos O’yinlar (yigitlar orasida «podachi», «Chavandoz», «Quloq cho’zma» va boshqalar, Qizlar orasida «Durra», «Chorichanbar», «G’ozg’oz» va boshqalar). Katta yoshdagi erkaklarning kurash, uloq, chavgon kabi sport O’yinlari bo’lsa, ayollarning ko’proq so’z, raqs, qo’shiqli O’yinlarni o’ynash odatlari bo’lgan; 4) mashg’ulot, mehnat faoliyati bilan bog’liq O’yinlar, odatda, «Navro’z» kunlari o’ynalgan (masalan, chorvachilikda «Ov o’yin», kamondan otish, «Kiyik ovi»; dehqonchilikda «Mashoba», «Xirmon-xirmon» va boshqalar; hunarmandchilikda «Sartarosh», «Kovushim», «Kashtachi» va boshqalar); 5) voqeaband O’yinlar («podsho- vazir», «Urush O’yin», «Echkicho’pon», «Bo’ri va qo’ylar» va boshqalar); 6) harakatli O’yinlar («Tepa kurash», «Qo’riqchi», «Chirkash» va boshqalar); 7) turli vositali O’yinlar. Bu O’yinlar moddiy vositalar (qo’g’irchoq, o’yinchoq, tosh, tayoq, to’p, yong’oq kabilar) yordamida bajariladigan va ma’naviy, badiiyifodali vositalar (so’z, qo’shiq, raqs, teatr) yordamida amalga oshiriladigan O’yinlar; 8) hayvonlar ishtirokida o’tadigan O’yinlar. Bu O’yinlar eng qadimiy hisoblanadi («Uloq», «Ot poyga», «Chavgon», «Xo’roz urishtirish», «Qo’chqor urishtirish», «Bedana urishtirish», «It urishtirish» va boshqalar). O’zbek xalq O’yinlari avlodlarni tarbiyalashda «Hayot maktabi» vazifasini o’tagan. O’yinlar yosh avlodni aqlan, ruhan va jismonan barkamol bo’lib etishishla- rida muhim o’rin egallab kelgan. Ad.: Usmonxo’jaye v T., Xo’jayev F., 1001 o’yin, T., 1990. Usmon Qoraboyev.