Oyrot xonligi
Oyrot xonligi (Jung’or xonligi) — Jung’oriyadagi o’rta asr davlati (1635-1758). Ili vodiysida yashayotgan oyrotlarning cho’ros ulusi vakili Botur Xuntayji rahbarligida Yorkend xonligidan ajralib chiqishi natijasida barpo etilgan. Xon o’rdasi ili vodiysida joylashgan. Oyrot xonligi ma’muriy jihatdan 4 ulusga (cho’ros, derbet, xo’shout va xo’yt) bo’lingan. Har bir ulusning boshlig’i tayji (xon, Knyaz) hisoblangan. Tayjilar xonlik hukmdori — Xuntayji (ulug’xon)ga bevosita itoat qilgan. Oyrot xonligi 1641 yil Tibetga yurish qilib, u yerdagi hokimiyatni ag’darib, taxtga budda dini yetakchisi dalaylamani o’tqazdi. 1688-90 yillarda oyrot xoni Galdan (1671-97 yillar hukmronlik qilgan) Chingizxon saltanatini tiklash maqsadida Mo’g’ulistonga yurish qilgan. Bundan xavotirga tushgan Xitoydagi Tsin imperiyasi (1644-1911) mo’g’ullarni qo’llab-quvvatlab, Oyrot xonligiga qarshi o’zi ham kurash boshlagan. 1695 yil yozida G’arbiy Mo’g’ulistondagi hal qiluvchi jangda Xitoyliklar g’alaba qilgan va Mo’g’ulistonni egallab olgan. Galdan vafotidan so’ng taxtga o’tirgan Tsevan Rabdan (1697-1727) va uning o’g’li Galdan Tseren davri (1727— 45)da Oyrot xonligi qayta kuchaygan. Ular Tsin imperiyasi bilan tinchlik aloqalarini o’rnatish va tashqi siyosatdagi faollikni G’arb tomonga qaratish hamda Yorkend xonligi ustidan oyrotlar o’rnatgan nazoratni kuchaytirish siyosatini olib borgan. Biroq, Tsin imperiyasi Mo’g’ulistonda o’rnashib olgach, Oyrot xonligiga qarshi kurash boshlagan, jumladan, 1717 va 1731 yillarda 2 marta katta qo’shin bilan harbiy yurish qilgan. Ammo, bu yurishlar mag’lubiyat bilan tugagan. Oyrotlar birinchi marta Oltoy tomondan, ikkinchi marta Tibet tomondan aylanib o’tib, Xitoy qo’shini avangardini orqa tarafdan uzib qo’yish xiylasini ishlatib, kam kuch bilan katta armiya ustidan g’olib chiqib Tsin imperiyasi rejalarini barbod etgan. Tsin hukumati Oyrot xonligi bilan sulh bitimi tuzishga majbur bo’lgan (1741). 18-asr o’rtalarida Oyrot xonligida ichki ziddiyatlar kuchaygan. Hokimiyat talashuvchi kuchlar ichida Tsin hukumati yordamida maqsadga erishmoqchi bo’lgan shaxslar paydo bo’lgan. Amursana Tsin sulolasi uchun maqbul shaxs deb topilgan. Ammo, u Tsin sulolasining Oyrot xonligini butunlay yo’qotishga qaratilgan maxfiy rejasidan bexabar bo’lgan. 1755 yil bahorda Tsin imperiyasi Oyrot xonligiga qarshi 50 ming kishilik qo’shin bilan urush boshlagan. Qo’shin avangardiga Amursana bosh bo’lgan. Oyrot xonligi yo’q qilingan, lekin Amursanaga taxt berilmagan, u maxfiy ko’rsatma bilan Pekinga chaqirtirilgan. Aldanganini bilib qolgan Amursana o’zini xon deb e’lon qilib, Tsin saltanatiga qarshi kurash boshlagan, biroq mag’lubiyatga uchrab Rossiya hududiga qochib o’tib, musofirlikda vafot etgan. Oyrot xonligining so’nggi xoni davatsi Pekinga olib ketilib zindonga tashlangan. Shunday qilib, Oyrot xonligi yarim asr davomida Tsin imperiyasining hujumiga qarshi turib, uning Turkistonga bostirib kelishiga yo’l qo’ymagan. Oyrot xonligi barham topgandan keyingi ichki va tashqi vaziyat Tsin imperiyasiga Sharqiy Turkistrndan nariga o’tishga imkon bermagan. 1758 yil Yorkend xonligi ham yo’q qilingan. Shundan keyin Oyrot va Yorkend xonliklari hududida Tsin hukumati tomonidan harbiy-ma’muriy tuzum o’rnatilgan. Abdulahad Xo’jayev.