Ozarbayjon

Ozarbayjon (Azerbayjan), Ozarbayjon Respublikasi (Azerbayjan Respublikasi), — Zakavkazening Janubiy-Sharqiy qismida joylashgan davlat. Maydoni 86,6 ming km2. Aholisi 8,2 million kishi (2003). Poytaxti — Boku shahri. Ma’muriy jihatdan 61 tuman, 65 shahar, 122 shaharchaga bo’linadi. Naxichevan Muxtor Respublikasi va tog’li Qorabog’ Ozarbayjon tarkibiga kiradi. Davlat tuzumi. Ozarbayjon — respublika. Davlat boshlig’i — prezident (2003 yil oktabrdan I. Aliyev). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni parlament (Milliy Majlis), ijrochi hokimiyatni Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi. Tabiati. Ozarbayjonning asosiy qismi katta Kavkaz va kichik Kavkaz tog’lari Janubiy- Sharqiy qismlarida, shuningdek, tolish tog’lari oralig’ida joylashgan. Janubda O’rta Arake soyligi va uning shimol tarmog’i bor (tog’lar Ozarbayjon hududining deyarli yarmini egallaydi). Kaspiy dengizi qirg’og’i kam parchalangan. Qirg’oq chizig’ining uzunligi 800 kilometr. Yirik yarim orollari: Apsheron, kura qum tili, Sara; qo’ltiklari: Apsheron, qizil-og’och, Boku qo’ltiqchasi; yirik orollari: Artyom, Jiloy. Neft va gaz, temir rudasi, alunit, molibden, tosh-tuz konlari bor. Ozarbayjon, asosan, subtropik zonada bo’lsa ham, quruq va nam subtropik iqlimdan tog’ tundrasi iqlimigacha bo’lgan iqlimni uchratish mumkin. Iyulning o’rtacha temperaturasi 25-27°, yanvarniki pasttekisliklarda 0 dan +3°gacha, tog’larda — 10° gacha. Eng issiq temperatura 40-43°, eng sovuq temperatura — 30°. Yog’ingarchilik juda notekis. Yillik yog’in — 200 mm dan 1800 mm gacha. Yirik daryosi — kura va uning asosiy irmog’i — Arake. 250 ta ko’l bor (yiriklari gajikobul va Buyuksho’r). Tuprog’i — kulrang-o’tloq, sho’rxok, kulrang-qo’ng’ir, jigarrang, kashtan, tog’-kashtan va boshqa tuproqlar. O’simliklari juda xilma- xil — 4100 turdan oshadi. Pasttekisliklarda cho’l va chala cho’l o’simliklari, ko’proq butazorlar, kura-Arake pasttekisligining sho’rxok yerlarida sho’ra, tog’ etaklaridagi tekisliklarda shuvoq va shuvoq-chalov o’sadi. O’rmonzori 1146 ming gektar. 2200-2500 metr balandliklarda subalp va Alp o’tloqlari bor. Hayvonot dunyosi turli-tuman: sudralib yuruvchilar, kemiruvchilar, yovvoyi to’ng’iz, nutriya, enotsimon it, jayran, qoplon, ayiq, tustovuq, kaklik, g’oz va o’rdak kabilar. Kaspiy dengizi va kura daryosida baliq (losos, osetr, sevryuga, beluga va boshqalar) mo’l. Zakatali, Turianchay, Qizilog’och, Shirvon va boshqa qo’riqxonalar bor. Aholisi, asosan, ozarbayjonlar (83%); ruslar, lezginlar, avarlar, kurd, tolish, tsaxur, tatlar va boshqalar ham yashaydi. Shahar aholisi 54%. Rasmiy tili — Ozarbayjon tili. Yirik shaharlari: Boku, Sumgait, Mingechaur, Ganja, Lenkoran, Naxichevan. Dindorlari — asosan musulmonlar. Tarixi. Ozarbayjonda paleolit davridan aholi yashay boshlagan. Qadim zamonlarda hozirgi Ozarbayjon hududida yashagan ko’pgina qabilalar (kaspiylar, kadusiylar, albanlar) tarixiy rivojlanish davomida kabila ittifoqlariga birlashib, keyinchalik dastlabki davlat tuzilmalariga asos bo’ldi. Miloddan avvalgi 9-asrda mana podshohligi vujudga keldi. Xo’jalik va madaniyat birmuncha rivojlandi. Miloddan avvalgi 7-asr oxirlarida Ozarbayjon va qo’shni mamlakatlarda Midiya davlati tashkil topdi. Miloddan avvalgi 6-asrda hokimiyat Axomaniylar qo’liga o’tdi. Bu davlatni Makedoniyalik Aleksandr qo’shinlari tor-mor etgach, Atropatena davlati vujudga keldi. Miloddan avvalgi 3-2-asrlarda hozirgi Ozarbayjon hududining katta qismi Albaniya deb ataldi. Ozarbayjonni bosqinchilar ko’p marta taladi. Aholining ularga qarshi kurashi, xususan, milodiy 5-asr oxiri — 6-asr boshlarida mazdakiylar harakatink yuzaga keltirdi. 8-asr boshlarida Ozarbayjon Arab xalifaligi qo’l ostiga o’tdi, Islom dini tarqaldi. Bobak qo’zg’oloni, xurramiylar harakatida dehqonlar va hunarmandlar qatnashdi. 11-asr o’rtalarida Saljuqiylar boshliq turk qabilalari (o’g’uzlar va boshqalar) bostirib keldi. 12-asrda Saljuqiylar mavqei pasayib, Shirvonshohlar, kasroniylar, Eldegiziylar podshohdigi rivoj topishi bilan hunarmandchilik, dehqonchilik, savdo-sotiq taraqqiy etdi. Shu davrda yetishib chiqqan Makkiy ibn Ahmad, Bahmanyor, Xatib Tabriziy, Hoqoniy, Nizomiy Ganjaviy, Mahastiy va boshqalar jahon madaniyati ravnaqiga salmoqli hissa qo’shdilar. 13-asrning 30-yillarida Ozarbayjonga mo’g’ullar, 14-asr oxirida Amir Temur qo’shinlari bostirib kirdi. 14-15-asrlarda shirvonshoxlar podshohligi kuchaydi. Qora qo’yunlilar va oq qo’yunlilar deb atalgan yangi davlatlar vujudga keldi. Savdo- sotiq avj oldi. Safaviylar davlati (16- asr) davrida Ozarbayjon xalq xo’jaligi va madaniyatida yuksalish ro’y berdi. Shoh Abbos I (1587-1629 yillarda hukmronlik qilgan) Ozarbayjon markazini Erondagi Isfahonga ko’chirishi oqibatida u Eronning chekka viloyatiga aylanib qoldi. Mahalliy hokimlar va ajnabiy bosqinchilarga qarshi dehqonlar qo’zg’oloniga xalq qahramoni Ko’ro’g’li boshchilik qildi. 18- asr boshlarida Zakavkaze, xususan. Ozarbayjonni qo’lga kiritib olish uchun Eron bilan Turkiya o’rtasidagi kurash kuchaydi. 19-asrdan Rossiya Zakavkaze yerlarini bosib ola boshladi. 1805 — 13 va 1826-28 yillardagi Rossiya-Eron urushlari natijasida hozirgi Ozarbayjonning ko’p qismi Rossiya davlati tarkibiga o’tdi. Rossiya bilan Eron o’rtasidagi Guliston shartnomasiga binoan belgilangan Ozarbayjonning Janubiy chegaralari hozirgacha amal qilib kelayotir. 1917 yil noyabrda sho’ro hokimiyati o’rnatildi. 1918 yil 28 mayda Ozarbayjon Respublikasi e’lon qilindi. 1920 yil 28 aprelda Ozarbayjon SSR tashkil bo’ldi. 1922 yil 12 martda Ozarbayjon Zakavkaze Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi (ZSFSR), so’ngra u tugatilgach (1936), ittifoqdosh respublika sifatida SSSR tarkibiga kiritildi. 1991 yil Fevraldan Ozarbayjon Respublikasi deb nomlandi. 1991 yil 30 avgustda mamlakat Oliy Kengashi Ozarbayjon davlat mustaqilligi to’g’risida Deklaratsiya qabul qildi. 1988 yil Tog’li Qorabog’xususida Ozarbayjon bilan Armaniston o’rtasida nizo chiqib, qurolli to’qnashuvga aylanib ketdi. 1994 yil maydan mojaro to’xtatilib, masalani tinch hal etish to’g’risida muzokara boshlandi. Ozarbayjon — 1992 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 19 oktabrdan olgan va 1995 yil 2 oktabrda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Siyosiy partiyalari. Yangi Ozarbayjon, Ozarbayjon xalq fronti, milliy mustaqillik partiyasi, Musovot, Ozarbayjon xalq partiyasi, Ozarbayjon dehqonlar partiyasi, to’g’ri yo’l partiyasi, Ozarbayjon sotsial-demokratik partiyasi va boshqalar. Xo’jaligi. Ozarbayjon — industrial-agrar mamlakat. Neft, temir ruda, alunit konlari bor; oltingugurt kolchedani, barit, kobalt, molibden, margimush kabilar sanoat asosida qazib chiqariladi. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 54,2%, qishloq xo’jaligining ulushi 26,1%. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: neft, gaz, kimyo, mashinasozlik, metallsozlik, binokorlik materiallari va elektr energetika. Yengil va oziq- ovqat sanoati ham rivojlangan. Yiliga o’rtacha 23,3 milliard kVt-soat elektr energiya xrsil qilinadi (asosan, issiqlik elektr stansiyalarida). Neft Apsheron yarim oroli, Kura-Arake pasttekisligi va Kaspiy dengizidan, gaz esa Qoratog’- Duvaniy va Zira-Go’rgon tumanlaridagi konlardan qazib olinadi. Neft va gaz asosida kimyo va neft kimyosi sanoati mineral o’g’it, oltingugurt kislotasi, kaustik soda, sintetik kauchuk, shina va boshqa mahsulotlar (Sumgait, Salyani, Neftechala, Mingechaur, Boku) ishlab chiqaradi. Mashinasozlik va metallsozlik, asosan, neft sanoati uchun mashina-qurilmalar, elektr dvigatellar, transformatorlar, kabel, radioelektron apparatlar, priborlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Qishloq xo’ajligi mashinasozligi, kemasozlik, oziq-ovqat sanoati uchun asbob-uskuna ishlab chiqarish rivojlangan (Boku, Ganja, Mingechaur, Xonkendi, Naxichevan, Kuba). Qora va rangli metallurgiya sumgaitdagi quvur prokati va alyuminiy, Ganjadagi alyuminiy, Bokudagi po’lat arqon zavodlaridan iborat. Boku, Ganja va Mingechaurda ip gazlama kombinatlari, Sheki va Xonkendida shoyi kombinatlari joylashgan. Paxta tozalash, jun gazlama va gilam to’qish, tikuvchilik va trikotaj, un, vino-konyak, baliq sanoati korxonalari mavjud. Qishloq xo’jaligi ning asosi — dehqonchilik, uning yalpi mahsuloti 80% sug’oriladigan yerlarga to’g’ri keladi. Yuqori Shirvon, yuqori Qorabog’, Samur-Apsheron kanallari, Jayron-batan, Arake suv omborlari barpo etilgan. Paxtachilik qishloq xo’jaligining yetakchi tarmoqlaridan biri. Tamaki va choy ham yetishtiriladi. G’alla ekinlaridan bug’doy, makkajo’xori, arpa, sholi, shuningdek, sabzavot ekinlari ekiladi. Bog’dorchilik va tokchilik rivojlangan. Subtropik mevalardan anor, anjir, yapon xurmosi, bodom ko’plab yetishtiriladi. Apsheron yarim orolida za’faron va zaytun o’sadi. Chorvachilik go’sht-jun va go’sht-sutga ixtisoslashgan. Qoramol, qo’y, echki, cho’chqa, parranda boqiladi, pillachilik bilan shug’ullaniladi. Transporti. Temir yo’l uzunligi — 2 ming kilometrdan ortiq, avtomobil yo’llari uzunligi 36,7 ming kilometr, 32 ming kilometr qattiq qoplamali. Dengiz transportining ahamiyati katta. Asosiy porti Boku. Boku — Turkmanboshi dengiz paromi mavjud. Kura daryosida kema qatnaydi. Boku—Batumi va Ali-Bayramli — Boku neft quvuri, Qoratog’ — Akstafa, Qoratog’ — Sumgait gaz quvurlari bor. Bokuda metropolitan qurilgan. Pul birligi — manat. Tibbiy xizmati. Tibbiyot xodimlari Ozarbayjon tibbiyot institutida va 17 ta o’rta tibbiyot bilim yurtida tayyorlanadi. Mashhur balneologiya kurortlari — naftalan, Istisu; iklimiy kurortlari — Shusha, Mardakyan, Bilchya, Buzovna va Apsheron yarim orolidagi Boku «Salomatlik zonasi». Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Hozirgi Ozarbayjon hududida dastlabki maktablar 5-asrda ochilgan. Arablar istilosidan so’ng bolalar maktab va madrasalarda o’qitildi. 20-asrdan zamonaviy maorif tizimi joriy etildi. Hunar-texnika bilim yurtlari va oliy o’quv yurtlari ochildi. Ozarbayjon universiteti, neft va kimyo instituti, politexnika, pedagogika, tibbiyot universiteti va boshqalar bor. Ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi Ozarbayjon Fanlar akademiyasi ishlaydi. Kutubxonalari: Respublika kutubxonasi, Ozarbayjon universiteti kutubxonasi, Fanlar Akademiyasi kutubxonasi va boshqalar 38 muzey bor, yiriklari: Ozarbayjon tarixi, San’at, Adabiyot muzeylari, qishloq xo’jalik muzeyi va boshqalar. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Ozarbayjonda 500 dan ortiq gazeta va jurnal ro’yxatga olingan. Yirik gazetalari: «Ozarbayjon» (Ozarbayjon tilida), «Vishka» («minora», rus tilida), «Bakinskiy rabochiy» («Boku ishchisi», rus tilida), «Ozodlik», «muxolifat», «Xalq» (uchchalasi Ozarbayjon tilida). Radioeshittirish 1926 yildan teleko’rsatuv 1956 yildan boshlangan. Azerin-form telegraf agentligi, Assa-Iroda, Turon, xabar-servis xususiy telegraf agentliklari mavjud. Adabiyoti qadimgi va boy. Xalq ijodida doston, baet (to’rtlik) qo’shiq, ertak, latifa, maqollar keng tarqalgan. «Ko’ro’g’li», «Oshiq G’arib», «Shoh Ismoil» kabi dostonlarda Ozarbayjon xalqining yurtparvarlik, insoniylik his-tuyg’ulari ifodalangan. Xalq dostonlari va termalarining eng yaxshi namunalari 16-17-asrlarda Qurboniy, Sarioshuq, Abbososhuq, Valexoshuq kabi baxshilar og’zidan yozib olingan. Milliy san’atning o’ziga xos turi bo’lgan oshuklar she’riyati madaniy hayotga kuchli ta’sir o’tkazib kelgan. 19-20-asrlarda yashab ijod qilgan oshuklardan Alesker, Gusayn Bozalganli, Asad Rizayev, Mirza Bayramov, Shamshir Gojayev kabilarning qo’shiqlari juda mashhur bo’lgan. Ozarbayjon yozma adabiyotining eng qadimgi yodgorliklari bizga yetib kelmagan, ammo Kavkaz Albaniyasi (hozirgi Ozarbayjon)da yuksak madaniyat mavjud bo’lganligi ma’lum. 11 -12- asrlarda fors tili ta’siri kuchayishi tufayli Xatib Tabriziy, Bahmanyor, Qatron Tabriziy, Hoqoniy, Mahastiy Ganjaviy va boshqa yirik Ozarbayjon olim va shoirlari o’z asarlarini fors tilida yozdilar. Nizomiy Ganjaviy asarlari — Ozarbayjon she’riyatining cho’qqisi bo’ldi. 13— 14-asrlarda Avxadiy Marog’iy, Zulfiqor Shirvoniy, 15— 16-asrlarda Nasimiy, shoh Ismoil Xatoiy, M. Fuzuliy, 17— 18-asrlarda Soib Tabriziy, Masihiy, Vidodiy, voqif va boshqa shoirlar yashab, ijod qildilar. 19-20-asrlarda Ozarbayjon adabiyotida novella, doston, drama janrlari paydo bo’ldi. Realist adib M. F. Oxundov, ma’rifatparvar shoir Said Azim Shirvoniy, dramaturg N. N. Narimonov, novator hajvchi shoir Mirza Alekper Sobir 19- asr Ozarbayjon adabiyotini yangi asarlar bilan rivojlantirdilar. 20-asr o’rtalari va 2-yarmida Sulaymon Rustam, Rasul Rizo, J. Jabborli, M. Ibrohimov, Samad Vurg’un kabi iste’dodli adiblarning asarlari boshqa xalqlar tillariga tarjima qilinib, keng tarqaldi. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi 1932 yilda tashkil qilingan. Ozarbayjon va o’zbek xalqlari qadimdan adabiy aloqada bo’lib kelganlar. Nizomiy asarlarining ba’zilari o’rta asrlardayoq o’zbek tiliga tarjima qilingan. Jumladan, Qutb Xorazmiy 14-asrning 1-yarmida «Xisrav va Shirin»ni o’zbek tiliga ko’chirgan. Navoiy Nizomiy «Xamsa»si — «Panj ganj»dan ilhomlanib o’zining besh buyuk dostonini yaratgan. Haydar Xorazmiy 15-asrda Nizomiyning «Mahzai ul-asror» dostonini, Ogahiy 19-asrda «Haft paykar»ni tarjima qilgan. Navoiy asarlari o’zi hayot vaqtidayoq Ozarbayjon shoirlari o’rtasida mashhur bo’lgan. Ayniqsa, Kishvariy va Fuzuliy Navoiyni o’zlarining buyuk ustozlari deb bilganlar. Fuzuliy «Layli va Majnun»ning debochasida Navoiyni Nizomiy bilan bir qatorga qo’yadi. Navoiy «Majolis un-nafois», «Muhokamat ul-lug’atayn» asarlarida Nizomiy, Xoqoniy bilan birga Shayx Shirvoniy, Abu Abbos Suxravardiy, Abu Abdulloh Xoqoniy so’fiy, Shayx Tabriziy, Qosim Anvariy singari Ozarbayjon shoir va olimlarining nomlarini ham hurmat bilan tilga oladi. Muhammad Fuzuliy asarlari, ayniqsa, uning «Layli va Majnun» dostoni 17-asrdan boshlab Turkiston madrasalarida o’quv qo’llanmasi vazifasini o’tagan. Bugina emas, Fuzuliy o’zbek xalqi o’rtasida eng sevimli shoirlardan biri bo’lgan. Shu tufayli Turkistonda «navoiyxonlik», «bedilxonlik» maktablari bilan birga «fuzuliyxonlik» uyushmalarida minglab kishilar shoir asarlarini tahlil qilganlar. Fuzuliyning asarlari O’zbekistonda bir necha marta bosilib chiqqan. Nizomiyning «Guldasta», Fuzuliyning ikki jildli tanlangan asarlari, M. P. Voqifning «Tanlangan she’rlar», M. O’rdubodiyning «Qilich va qalam» dilogiyasi, Sobirning «xo’p-xo’pnoma», M. Ibrohimovning «Qorabog’ qo’shiqlari», «Buyuk tayanch», «bo’ron qushi», M. Dilboziyning «Ozar qizi», S. Rustamning «tanlangan she’rlar», I. Go’zalovning «cheksiz ufklar» kitoblari, M. Huseyn, A. Valiev, M. Rahim, U. Sarivelli, S. Rahimov, Q. Imomverdiyev va boshqalar. Ozarbayjon shoir, adib va dramaturglarning asarlari, «Ozarbayjon shoirlari» antologiyasi o’zbek tilida nashr etilgan. Ozarbayjon yozuvchilarining asarlarida O’zbekiston mavzui ham aks etgan S. Rustam «Qadrdon shahar», «O’zbek qardoshimga», M. Dilboziy «O’zbek qiziga», Yu. Shirvon «qardosh O’zbekistonda» ocherklar turkumi, M. Ibrohimov «ulug’ do’stlik» asarida o’zbek xalqi hayotini qalamga oladi. Me’morligi. Ozarbayjon hududida neolit va jez davriga mansub qadimgi me’moriy yodgorliklar: dolmenlar, kromlexlar, mengirlar, qal’alarning xarobalari saqlanib qolgan. 5-asrga oid Lekit qishlog’idagi xristianlarning doirasimon ibodatxonasi, 6-asrga oid Chirog’qal’a, 7-a.srga oid Mingechaur ibodatxonalar majmuasi diqqatga sazovor. 11-13-asrlarda Naxichevan va Shirvon-Apsheron me’morlik maktabi tarkib topdi. Qasrlar va masjidlar bilan birga maqbaralar (Yusuf maqbarasi, 1162 yil va mo’mina xotun maqbarasi, 12-asr, me’mori Ajamiy) ham qurildi. 14-15-asrlarda qubbasimon va gumbazli inshootlar rasm bo’ldi, ular girih naqshlar va tosh o’ymakorligi bilan bezatildi (Bokudagi Shirvonshohlar saroyi, 15-asr, Tabrizdagi zangori masjid, 1465). 16-18-asrlarda karvonsaroy, hammom va ko’priklar qurildi, shaharlar rivojlandi. Ardabiddagi me’moriy majmua (me’mor Shayx Bahovuddin), Shekidagi xonlar saroyi va boshqalar shu davrning eng mashhur yodgorliklaridir. Ozarbayjondagi masjid, maqbara, madrasa va boshqa inshootlar qurilishi hamda bezaklari O’rta Osiyo va Eron me’morligi bilan o’zaro uyg’unlashgan. 19-asr 1-yarmida Ozarbayjondagi qurilishda Rossiya va Yevropa me’morligining ta’siri kuchaydi. 20-asr Boku va boshqa shaharlar qayta qurildi, yangi bino hamda inshootlar barpo etildi. Matbuot uyi (me’mori S. S. Pen), «Inturist» mehmonxonasi (me’mori A. V. Shchusev), Nizomiy nomidagi muzey, konservatoriya (me’morlari S. A. Dadashev va M. A. Useynov), M. Azizbekov nomidagi teatr (me’mori G. M. Alizoda) shular jumlasiga kiradi. Mingechaur, Sumgait, Dashkesan kabi yangi shaharlar qad ko’tardi. Ozarbayjon Me’morlar uyushmasi 1936 yilda tuzilgan. Tasviriy san’ati. Ozarbayjon hududidan miloddan avvalgi 2-1-ming yilliklarga mansub loy va toshdan yasalgan jonivorlarning haykalchalari (Naxichevan Muxtor Respublikasida Kultepa qazilmalari) va sopol buyumlar (Mingechaur qazilmalari) topilgan. Qoyalardagi rasmlarda odamlar, jonivorlar, ov va rasm-rusum manzaralari (Qobuston, Gyamiqoya), jezdan yasalgan zeb-ziynatlar tasvirlangan. O’rta asrlarda haykaltaroshlik (jez burgutlar, tosh haykalchalar yasash) rivojlangan. Arablar istilosidan so’ng naqshli kulolchilik, tosh o’ymakorligi, xattotlik urf bo’ldi. Jumladan, 13-16-asrlarda kitoblarni badiiy bezash, tabriz miniatyura maktabi, gilamdo’zlik san’ati yuksak darajaga ko’tarildi. 18-asrda imorat devorlariga naqsh va rasm solish (Shekidagi xonlar saroyi, Ordubad, Shushadagi turar joylar) rivojlandi. 19-asrda miniatyura rangtasviri devoriy rasmlar va portret musavvirligida davom ettirildi (usta Qambar Qorabog’iy, Mirza Qadim Erivoniy, Mirmuhsin Navvob). 20-asrda tasviriy san’atning realistik shakllari rivojlandi, yangi janrlar (hajviy grafika, illyustrasiya, plakat) paydo bo’ldi. A. Azimzoda va B. Kengerli Ozarbayjon realistik san’atiga asos soldilar. 1920 yil Bokuda rassomlik maktabi ochildi, muayyan mavzuga bag’ishlangan rangtasvir, portret, peyzaj (manzara), haykaltaroshlik, dastgoh grafikasi kabi janrlar vujudga keldi. Ganjadagi Nizomiy haykali (F. Abdurahmonov) diqqatga sazovor. Hozirgi zamon rassomlaridan T. Salaxov, T. Narimonbekov, N. Abdurahmonov, E. Rizoquliev, haykaltaroshlardan E. Husaynova, E. Shomilov, K. Alekperov asarlari mashhur. Ozarbayjon Rassomlar uyushmasi 1940 yilda tuzilgan. Musiqasi. Ozarbayjon hududidan topilgan qoya rasmlari (miloddan avvalgi 5-3-ming yillikda yaratilgan), arxeologik materiallar bu yerda musiqaning juda ham qadimiyligini ko’rsatadi. Mehnat qo’shiqlari, tarixiy va lirik qo’shiqlar, hazil qo’shiqlar keng tarqalgan. Qo’shiqlar ko’pincha yakka, ba’zan guruh bo’lib ijro etiladi. Chertib chalinadigan tor, soz, ud tori, ishqab chalinadigan kamoncha, puflama tutak, bolomon, surnay, zarb berib chalinadigan nog’ora, qo’sh nog’ora, doira kabi musiqa asboblari Ozarbayjon xalqining qadigmi sevimli cholg’u asboblari sanaladi. O’rta asrlardayoq maqomlar tadqiq qilingan. Ozarbayjon maqomlari nazariyasi U. Hojibekov tomonidan yozilgan («Ozarbayjon xalq musiqasi asoslari», 1945 yilda nashr etilgan). U. Hojibekov Fuzuliy dostoni asosida «Layli va Majnun» (1908) operasini, «Arshin mol olon» (1913) komediyasini yaratdi. 1921 yilda konservatoriya, 1931 yilda birinchi notali xalq cholg’u asboblari orkestri tashkil qilindi. 1938 yilda simfonik orkestr tashkil topdi. 1927 yilda R. Glierning «Shohsanam» operasi sahnaga qo’yildi. M. Magomayevning «Nargiz» (1935), U. Hojibekovning «Ko’ro’g’li» (1937) operalari Ozarbayjon musiqa san’ati rivojida muhim voqea bo’ldi. Q. Qoraev, J. Hojiev, F. Amirovning opera va simfoniyalari mashhur. Sh. Mamedova, bulbul, R. Beybutov, P. Bulbul o’g’li, M. Magomaev kabi xonandalarning faoliyati diqqatga sazovor. Bokuda U. Hojibekov nomidagi konservatoriya, M. F. Oxundov nomidagi opera va balet teatri, Sh. Qurbonov nomidagi musikali komediya teatri, qo’shiq teatri, filarmoniya, simfonik orkestr, ashula va raqs ansambli ishlab turibdi. Respublika radiosi qoshida xalq musiqa asboblari orkestri bor. Ozarbayjonda Davlat musiqa akademiyasi, 6 musiqa bilim yurti, 73 musiqa maktabi mavjud. U. Hojibekov nomidagi Ozarbayjon san’ati ilmiy tadqiqot instituti (1945) musiqa va teatr masalalari bilan shug’ullanadi. Ozarbayjon va o’zbek xalklari musiqa sohasida qadimdan hamkorlik qilib kelganlar. Xususan, Eron ozarlariga mansub Abdulqodir Marog’iy (1340-1435) deyarli butun ijodiy (xonanda, sozanda va bastakorlik) va ilmiy (musiqashunoslik) faoliyatini Amir Temur, Shoxrux Mirzo va Xalil Sulton Mirzolar saroyida o’tkazgan. 1950-yillar oxirida o’zbek kompozitori M. Burxonov jo’rsiz xor uchun qayta ishlagan xalq qo’shiqlari Ozarbayjonda bu turdagi xor musiqasi taraqqiyotiga turtki bo’ldi. Mazkur aloqalar mustaqillik yillarida shaklan va mazmunan kengayib bormoqda. Navoiy nomidagi teatrda O. Melikovning «ikki dil dostoni», F. Amirovning «ming bir kecha» baletlari sahnalashtirilgan. Teatri. Ozarbayjon xalq teatr san’ati sarchashmalari qadimgi raqs va masxa- rabozliklardan boshlanadi. Xalq orasida qo’g’irchoq tomoshalari qadimdan rivoj topgan. 1920 yilda birlashgan davlat teatri tashkil qilindi (hozirgi M. Azizbekov nomidagi Ozarbayjon teatri). Bu teatr 30-40-yillarda uslubi va janri jihatdan turli-tuman bo’lgan ko’pgina spektakllarni tomoshabinlarga taqdim qildi: M. Ibrohimovning «Hayot», S. Vurg’unning «Farhod va Shirin», A. Ostrovskiyning «Momaqaldiroq» va boshqalar. 40-yillarda R. Rizoning «Vafo», Z. Xolidning «qasos» asarlari sahnallashtirildi. Respublikada rus drama teatri, yosh tomoshabinlar teatri, Qo’g’irchoq teatri (hammasi Bokuda) va boshqa teatrlar bor. M. Aliev, M. Dovudova, S. Ruhullo, A. Iskandarov, A. Alekperov, O. Qurbonov kabi artistlar milliy san’at rivojiga munosib hissa qo’shdilar. 1944 yil Bokuda Ozarbayjon teatr jamiyati tuzilgan. O’zbek teatr san’atining taraqqiyotida Ozarbayjon teatri va dramaturgiyasining ta’siri katta bo’ldi. Ozarbayjon teatri 1911 yilda Turkiston shaharlarida tomoshalar ko’rsatdi. M. F. Oxundovning «Hoji Qora», «Musyo Jordan va Darvish Mustalishoh», N. Vezirovning «yomg’irdan qochib selga», «Musibati Faxriddin», A. Axverdievning «talangan uya», «og’a Muhammadshoh Qojar» asarlari namoyish etildi. 1916 yilda Ozarbayjon musiqali teatri ham gastrolga kelib, U. Hojibekovning «Arshin mol olon», «asli va karam», «Layli va Majnun» singari spektakllarini ko’rsatdi. Keyinroq Ozarbayjon dramaturglarining «Ko’ro’g’li», «Nargiz», «Sevil», «Yulduz», «Qaynona» singari qator asarlari O’zbekiston teatrlarida muvaffaqiyat bilan sahnallashtirildi. H. Nosirova, M. Uyg’ur, M. Qorieva, S. Olimov, Z. Qobilov kabi teatr arboblari bokuda o’qib kelganlar. Kinosi. Birinchi Ozarbayjon badiiy filmi — «neft va millionlar olamida» 1916 yilda namoyish qilingan (rejissyor B. N. Svetlov). 1923 yilda Ozarbayjon fotokino boshqarmasi tashkil etilib, 1924 yildan badiiy filmlar suratga olina boshlagan. 1945 yil U. Hojibekovning «Arshin mol olon» komediyasi ekranlashtirildi (1966 yil rejissyor T. Tagizoda shu filmning yangi variantini yaratdi). Tarixiy va ijtimoiy mavzulardagi «Latif», «Ismat» (rejissyor M. Yu. Mikailov) filmlari yaratildi. 1936 yil dastlabki ovozli filmlar — «olmos» (rejissyor A. R. Kuliev), «moviy dengiz sohilida» (rejissyor B. V. Barnet, S. Mardonov), «Yangi ufq» (rejissyor E. Quliev) dunyoga keldi. 50— 70-yillarda Ozarbayjon kinematografiyasi yangi bosqichga ko’tarildi. «Hayot imtihoni» (rejissyor Sh. Mahmudbekov), «Bolalikning so’nggi tuni» (rejissyor A. Boboev), «Yurak- yurak» (rejissyor E. Quliev), «vaqt qadri», (rejissyor G. Seidbeyli) filmlarida insonning ichki dunyosi, axloq-odob masalalarini yoritishga harakat qilindi. Xalq o’tmishini yoritishga kirishgan G. Seidbeyli, T. Tagizoda, E. Quliev kabi rejissyorlar keyingi yillarda «Nasimiy», «So’ngan gulxanlar shu’lasi», «Bobak», «Asov kura», «Yetti o’g’lim mening» filmlarini yaratdilar. Ozarbayjon kinochilari yiliga 4-5 badiiy, ko’plab voqeiy-hujjatli va multiplikasiya filmlari ishlab chiqaradilar.