O’ZBEKISTON BADIIY AKADEMIYASI MARKAZIY KO’RGAZMA ZALI
O’ZBEKISTON BADIIY AKADEMIYASI MARKAZIY KO’RGAZMA ZALI — respublika va Markaziy Osiyodagi eng yirik badiiy ko’rgazma zali; 1974 yil Toshkent shahrida ochilgan (me’mor R. Xayrutdinov). Binosi Sharof Rashidov va «O’zbekiston» shohko’chalari kesishgan joyda qad ko’targan; Ekspozitsiya maydoni 2500 kvadrat metr. Bino murabba tarhli, 2 qavatli, balandligi 15 metr. Mujassamot markazida ko’rgazma zali (zaldagi zina orqali 2qavatga chiqiladi), zal atrofida san’at asarlari sotiladigan badiiy salon, suratlar, amaliy san’at buyumlari xonalari bor. Binoda O’zbekiston Badiiy Akademiyasi, O’zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi joylashgan, ularga tashqaridan alohida-alohida eshiklardan kiriladi. Bino atrofiga toqisimon qilib galereya ishlangan, toqi va galereya ichi milliy naqshlar bilan jozibador qilib bezatilgan. Bino tarzi konstruktiv elementlari yig’ma panellardan zamonaviy uslubda zavodda tayyorlangan. Bino bezagida G’ozg’on marmari, granit, koshin, kichik me’moriy shakllar ishlatilgan, interyer bezaklarida ganch o’ymakorligidan foydalanilgan. Bino atrofidagi ko’kalamzorga haykalchalar joylashtirilgan. Bino 1998-99 yillarda qayta ta’mirlangan. Ko’rgazma zali yirik xalqaro, respublika, shaxsiy, guruhli va ko’chma vernisaj-ko’rgazmalar (yiliga 50 dan ziyod) o’tkazadi; rassomlar, haykaltaroshlar, amaliy bezak san’ati va miniatyura ustalarining, «Gretsiya-O’zbekiston. Qadimiy madaniy aloqalar», «Toshkent Biennalesi — 2001 va 2003», «Zargarlik san’ati — 2000, 2002», «Ikuo Xirayama. Buyuk ipak yo’lida» (2002) ko’rgazmalari shular jumlasidan. Xorijiy elchixonalar, xorijiy mamlakatlarning O’zbekistondagi madaniy (Hindiston) va ilmiy (Markaziy Osiyo tadqiqotlari Frantsiya instituti) markazlari bilan faol hamkorlik qiladi; konferentsiyalar, zamonaviy san’atning dolzarb masalalari bo’yicha «davra uchrashuvlari», bastakorlar, yozuvchilar, kino va teatr ijodiy uyushmalari namoyandalari ishtirokida uchrashuv va kechalar tashkil qiladi. Ko’rgazmalar uchun kataloglar, bukletlar va taklifnomalar nashr etadi.