«O’ZBEKISTON OVOZI»

«O’ZBEKISTON OVOZI» — ijtimoiy-siyosiy gazeta. Muassisi O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi. Haftada 3 marta, rus tilidagi nashri — «Golos Uzbekistana» esa 1 marta chiqadi. Dastlabki soni 1918 yil 21 iyunda — «Ishtirokiyun» («Kommunist») nomi bilan chiqqan. Keyinchalik «Qizil bayroq» (1920), «Turkiston» (1922), «Qizil O’zbekiston» (1924), «Sovet O’zbekistoni» (1964) nomlarida nashr etilgan. 1991 yildan hozirgi nomda. Gazetaga turli yillarda U. Eshonxo’jaev, Qamchinbek, K. Aliyev, Q.Sorokin, M. Shermuhammedov, M.Romiz, M. Hasanov, V. Rahimiy, A. Xudoybaxtov, M. Usmonov, R. Majidiy, A. O’razayev, R. Abdurahmonov, S. Azimov, O. Abdurahmonov, S. Rajabov, H.G’ulomov, Sh. Rashidov, M. Qoriyev, L.Qayumov, O’. Usmonov, R. Rahmonov, Sh. Ubaydullayev, A. Suyun va boshqalar muharrirlik qilgan. O’zbek adabiyoti va jurnalistikasining ulkan namoyandalari — Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy (Julqunboy), Hamid Olimjon, G’afur G’ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Sobir Abdulla, Zulfiya va boshqalar o’zlarining ilk ijodlarini shu gazeta sahifasida e’lon qilganlar. Hayotning barcha sohalarida boshlangan islohotlar mohiyatini ochib berish, istiqlol siyosatini xalq qalbiga olib kirish, yangicha ong, yangicha tafakkurni shakllantirish, mustaqillik mafkurasini yaratish — gaz.ning asosiy vazifasidir. Siyosat, ma’naviyat va ma’rifat, parlament va huquq, ijtimoiy hayot va iqtisodiyot, ekologiya va sihat-salomatlik, sport va harbiy vatanparvarlik, xatlar va ommaviy ishlar hamda tijorat bo’limlari bor. Mamlakatning barcha viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasida ham o’z muxbirlariga ega. Adadi 10000 (2005). Bosh muharriri safar Ostonov (2002 yildan). Namoz Sa’dullayev.